AsosiyJamiyat

​TOShKENTDA “BOEING-767”NING “FULL-FLIGHT” SIMULYaTORI EKSPLUATASIYaSI BOShLANDI

'​TOShKENTDA “BOEING-767”NING “FULL-FLIGHT” SIMULYaTORI EKSPLUATASIYaSI BOShLANDI'ning rasmi

O`zbekiston fuqaro aviasiyasi o`zining yigirma besh yillik faoliyati davomida zamonaviy aviakompaniya sifatida tiklanish va shakllanishning ulkan, murakkab yo`lini bosib o`tdi va bugungi kunda yurtimizning ko`plab xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorligini yanada kengaytirish va aloqalarini mustahkamlashda muhim rol o`ynamoqda, deb yozadi O`zA.

Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi hamda Havo floti kuniga bag`ishlab o`tkazilgan matbuot anjumanida kompaniyaning o`tgan yillarda erishgan yutuqlari va uni rivojlantirish istiqbollari xususida so`z yuritildi.
Sohada amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida tarixan qisqa davrda mamlakatimizda fuqaro aviasiyasini izchil taraqqiy ettirish, parvozlar xavfsizligini ta`minlash, infratuzilmani rivojlantirish, havo harakatini boshqarish tizimini tubdan isloh etish, malakali kadrlar tayyorlash singari yo`nalishlarda ulkan natijalarga erishildi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga binoan 1992 yil 28 yanvarda “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi tashkil etildi. Mustaqillik yillarida aviakompaniya xalqaro tashishlar bozorida raqobatbardoshligini namoyon etib, yo`lovchilarning ishonchini qozonish va o`z faoliyati ko`lamini sezilarli darajada kengaytirishga erishdi.

«O`zbekiston havo yo`llari» eng zamonaviy laynerlarni ekspluatasiya qilish an`anasiga sodiq qolmoqda. 2016 yilda mamlakatimizda biryo`la ikkita «Orzu layneri» – «Boeing 787-8 Dreamliner» laynerlaridan foydalanishga kirishilgani milliy aviakompaniya uchun xavfsizlik, ishonchlilik va qulaylik tamoyillari ustuvor ekanini amalda yana bir karra tasdiqladi.

Ayni paytda havo laynerlarimiz Dubay, Dehli, Amritsar, Istambul, Olma-ota, Tel-Aviv, Seul, Frankfurt, Moskva, Kuala-Lumpur, Singapur, shuningdek, Riga orqali Nyu-Yorkka parvoz qilayotgan yo`lovchilarga xizmat ko`rsatmoqda. Shu yilning 27 iyul kuni Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportidan havoga ko`tarilgan «orzu layneri» birinchi marta Toshkent – Nyu-York – Toshkent yo`nalishida ilk uzluksiz parvozni amalga oshirgani har bir yurtdoshimiz qalbiga g`urur va iftixor baxsh etdi.

«O`zbekiston havo yo`llari» aviaparkini modernizasiya va unifikasiya qilish dasturi doirasida «Boeing» korporasiyasi bilan mamlakatimizga yana to`rtta «Boeing-787-8 Dreamliner»ni etkazib berish bo`yicha shartnoma imzolandi. 2019-2020 yillarda etkazib berilishi kutilayotgan mazkur laynerlarga ham yoqilg`i samaradorligi hamda past shovqin darajasini ta`minlaydigan dvigatellar o`rnatiladi.

Bugun dunyoning ko`plab aviakompaniyalari O`zbekiston uchuvchilar tayyorlash maktabini eng nufuzli maktablardan biri sifatida e`tirof etmoqda. Zero, ushbu maktabda ko`p yillar davomida “ustoz-shogird” an`analari asosida nazariya bilan amaliyot chambarchas bog`liq holda shakllangan. Qolaversa, boshqaruv to`laligicha ishonib topshirilishi uchun uchuvchi nazariy bilimlardan tortib yo`riqchilarning saboqlarigacha bo`lgan ko`plab tayyorgarlik bosqichlarini muvaffaqiyatli o`tishi qat`iy belgilab qo`yilgan.

Milliy aviakompaniya o`quv-mashq markazi trenajyor majmuasida zamonaviy trenajyorlar hamda “Il-114-100” va “A-320” samolyotlarining mukammal “Full-flight” simulyatorlari o`rnatilgan. Mamlakatimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida bu erda yana bir noyob uskuna – «Boeing-767»ning “Full-flight” simulyatori ekspluatasiyasi boshlandi.

«Sanadian Aviation Electronics» kompaniyasining eng so`nggi ishlanmasi hisoblangan ushbu qurilma zamonaviy kompyuter ta`minoti, harakatlanish va vizual tizimlar bilan jihozlangan.

– Yangi trenajyor «Boeing-767» avialaynerining haqiqiy uchuvchilar kabinasidir, – deydi «Boeing-757-767» havo kemasi ikkinchi uchuvchisi Sherzod G`ulomov. – Unda parvoz davomidagi turli noodatiy holatlarni ham erda, ham havoda sinab ko`rish mumkin. Yuqori sifatli tasvirlarni ko`rsatish uchun jahon standartlari asosida ishlab chiqilgan vizual tizim bizga nostandart va murakkab vaziyatlarni mashq qilish, kompyuter tizimiga o`rnatilgan aeroportlarning ma`lumotlar bazasi esa er sharining istalgan nuqtasiga parvoz qilish imkonini beradi.

Milliy aviakompaniya o`quv-mashq markaziga zamonaviy avialaynerlar simulyatorlarini o`rnatish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar mamlakatimiz aviatorlarini xorijiy o`quv markazlariga jalb etmagan holda tayyorlash va qayta tayyorlashga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar