O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 avgust kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo`lib turgan Qozog`iston Respublikasi mudofaa vaziri Saken Jasuzoqovni qabul qildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatlarimiz o`rtasida samarali hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta`kidladi.
Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi aloqalar tufayli barcha yo`nalishlarda o`zaro hamkorlik faollashayotgani qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o`sib bormoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yirik qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda, avtomobil, temir yo`l va aviasiya qatnovi sohasida amaliy hamkorlik sezilari darajada kengayib, mintaqalar o`rtasida sheriklik mustahkamlanmoqda, O`zbekiston va Qozog`istonda madaniy-gumanitar tadbirlar o`tkazilmoqda.

Harbiy va harbiy-texnik hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning muhim va istiqbolli yo`nalishi sifatida belgilangan. Xususan, suhbat chog`ida mamlakatlarimiz mudofaa mahkamalari o`rtasida, jumladan, sanoat kooperasiyasi va harbiy kadrlar tayyorlash sohasida samarali hamkorlik qilish masalalari ko`rib chiqildi.
S.Jasuzoqov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi va Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.
Mehmon harbiy va harbiy-texnik sohada mamlakatlarimizning o`zaro hamkorligini yanada kuchaytirishga Qozog`iston tayyor va bundan manfaatdor ekanini ta`kidladi.






