Bundan 40 yil ilgari olamdan o`tgan “rok-n-roll qiroli” Elvis Preslini xotirlab, uning Memfisdagi qabrini ziyorat qilish uchun 29 dollar haq belgilandi, deb xabar berdi Vesti.ru nashri.
Xonandaning qabrini yiliga 500 ming kishi ziyorat qiladi. Bugun 16 avgust, xonandaning vafot etgan kuni munosabati bilan Memfisga 50 ming nafar mehmon kelishi kutilmoqda.
15 avgust tunidan boshlab, mehmonlar xonanda dafn etilgan qabristonga qo`llarida sham bilan tashrif buyurishdi. Tadbir boshlanishidant ilgari xonandaning sobiq rafiqasi Prissilla Presli va qizi Layza Mariyalar nutq so`zlashdi.
Qabristonga tashrif buyurgan muxlislarning aksariyat qismi sevimli musiqachini xotirlash uchun haq to`lanishidan norozi bo`lishdi. “Bunday holatdan keyin Memfisga ikkinchi marotaba kelmayman. Buni Evis Preslining muxlislari emas, tadbirkorlar o`ylab topgan. Bu biznes, korporasiya hamma narsadan foyda ko`zlaydi”, dedi jurnalistlarga Elvis Preslining muxlisi bo`lgan illinoyslik Fred Shvars.
“Rok-n rol qiroli”, deb atalgan Elvis Presli 1977 yilning 16 avgust kuni, 42 yoshda vafot etgan. Uning o`limiga ko`p miqdorda dori qabul qilish sabab bo`lgan. Ammo xonandaning muxlislari uning o`lmaganligini, shou-biznesdan ketib, xotirjam hayot kechirish uchun yolg`onni o`lim sahnasini o`ylab topganligini aytishadi. Haligacha muxlislari uni er sharining turli nuqtalarida ko`rganliklari haqidagi mish-mishlarni tarqatishadi.






