Amaldagi tartiblarga muvofiq, O`zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o`tilayotgan tovarlarni deklarasiyalamaslik yoki noto`g`ri deklarasiyalash, ya`ni tovarlar, ularning bojxona rejimi va boshqalar haqida bojxona maqsadlari uchun zarur bo`lgan belgilangan yozma, og`zaki yoki boshqa shakldagi ma`lumotlarni bermaslik yoxud noto`g`ri ma`lumotlar berish belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo`lib xizmat qiladi.
Respublikamizda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari uchun keng imkoniyatlar va engilliklar joriy qilinayotganiga qaramay respublikamizga olib kirilayotgan tovar-moddiy boyliklarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish chog`ida bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilishga bo`lgan urinishlar ko`zga tashlanmoqda.
Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari ana shunday urinishlardan bir nechtasini fosh qilib, katta miqdordagi tovar moddiy boyliklarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo`yishdi.
Jumladan, “Chuqursoy texnik idora” chegara-bojxona postida Xitoydan Farg`ona viloyatida faoliyat yurituvchi “Yaxshi Niyat Zamin Fayzi” mas`uliyati cheklangan jamiyati nomiga keltirilgan yuklar ortilgan ikkita temir yo`l konteyneri yuk egasi va xolislar ishtirokida bojxona ko`rigidan o`tkazildi.
Ko`rik davomida mazkur konteynerlarda yo`l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko`rsatilmagan 28 ming donadan ortiq adyollar, 12700 dona elektr hisoblagich, 183 ming dona kompakt disklar, oshxona idishlari, maishiy texnika buyumlari, kiyim-kechaklar, xullas 21 turdagi turli tovar-moddiy boyliklar bilan to`ldirilgan ekan. Shu tariqa qonunbuzarlar qiymati salkam 4 mlrd so`m bo`lgan tovar-moddiy boyliklarni yashirin yo`llar bilan olib kirishga urinishgan ekan.
Mazkur holat yuzasidan to`plangan hujjatlar Toshkent transport prokuraturasiga yuborildi va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida poytaxtimizda faoliyat yurituvchi “INTERNATIONAL POSTAL AND COURIER” mas`uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi kurerlik tashkiloti xodimlarining qing`irliklari fosh qilindi.
Ushbu tashkilot orqali respublikamizga keltirilgan 2,5 tonna og`irlikdagi 46 ta pochta jo`natmasini bojxona nazoratidan o`tkazish davomida kurerlik tashkiloti xodimlari D.Azzamov va uning 2 nafar sheriklari bevosita bojxona nazorati zonasida jiddiy qonunbuzarlikka qo`l urishdi.
Fuqarolar Azzamov, Erkaev va Kozimovlar bojxona nazoratidan o`tkazilishi lozim bo`lgan 46 ta pochta jo`natmalaridan 36 tasini bojxona to`lovlaridan bo`yin tovlash maqsadida bojxonachilardan yashirishga urinishdi.
Shu tariqa pochta jo`natmalaridagi qiymati 87 mln. so`mdan ortiq bo`lgan turli tovar-moddiy boyliklarning respublikamiz hududiga yashirincha olib kirilishiga chek qo`yildi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko`ra, hozirda ushbu holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Shu o`rinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi fuqarolarga bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan 120-76-71 ishonch telefoniga qo`ng`iroq qilishlari mumkinligini ma`lum qiladi.






