12.11.2013 09:38
Yana benzinga navbatmi? Kim sababchi?
Bir vaqtlar haqiqiy mo``jiza deb e`tirof etilgan “temir quti”larning bugun har turlisini uchratsak, hayratga tushmaymiz. Aslida bor-yo`g`i to`rt g`ildirakdan iborat bo`lgan bu qutini haqiqiy mo``jizaga aylantiradigan bir narsa – yoqilg`i bo`lmasa, uning haydovchilari qay ahvolga tushishini bir tasavvur qiling-a. Ayrim hollarda avtomobilga yoqilg`i quyish shaxobchalarida (AYoQSh) uzun navbatlarni kuzatsangiz, bora-bora avtomobil emas, yoqilg`ining o`zi «mo``jiza»ga aylanadimi degan xayolga borasiz...
Benzin narxi oshishi haqidagi mish-mishlar asoslimi?
Joriy yilning avgust oyida ayrim avtomobilga yoqilg`i quyish shaxobchalarida uzun navbatlar yuzaga kelgandi. OAVlarda benzin narxi qimmatlashishi haqida mish-mishlar paydo bo`lgan edi. “O`zbekneftgaz” xolding kompaniyasi matbuot xizmati bu kabi xabarlarni kompaniya tasdiqlay olmaydi, shuningdek, kompaniyada narxlar oshishi to`g`risida rasmiy ma`lumotlar yo`q degan ma`lumot bergan edi.
Narxi qancha?
«Gazeta.uz» internet-nashrining xabar berishicha, oxirgi marta 2013 yilning 1 yanvaridan O`zbekistonda avtomobil yoqilg`isi uchun narxlar oshgan. Avtomobil yoqilg`ilari narxining ko`tarilishi transport vositalari yoqilg`i iste`moli uchun belgilangan soliq stavkasining oshirilishi bilan bog`liq. Soliq stavkasi 40 so`mga oshirilgan edi. Shunga ko`ra, Ai-80 benzinining bir litri, 200 so`mdan 240 so`mga oshirilgan iste`mol solig`ini qo`shib hisoblaganda, 1645 so`mdan (bungacha 1605 so`m edi). Ai-91 benzini narxi 1810 so`m (bungacha 1770 so`m), Ai-95 benzini esa 1995 so`m (bungacha 1955 so`m).
Benzin narxini oshirgan “zapravka”lar jazolandi
“Iste`molchi” gazetasining 5 sentyabr sonida xabar berilishicha, “O`zdavneftgazinspeksiya” Cirdaryo viloyatidagi AYoQShlarda benzin narxining asossiz oshirib sotish holatlarini aniqlagan. Jumladan, Sirdaryo tumanidagi “Alisher Abdukarimov”, “Abdulla ota”, Boyovut tumanidagi “AO Vaqt” firmalariga qarashli yoqilg`i quyish shaxobchalarida benzin bahosi oshirib sotilgan. Tekshirishlar yakunida benzin bahosini oshirib, iste`molchilarga katta miqdorda zarar etkazgan firmalarga jarima solingan.
Taqchillikning sababi nima?
Ma`lumotlarga qaragandi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun etkazib berilishi kerak bo`lgan benzinli vagonlar Buxoro va Angren stansiyalarida turib qolgan. «O`zneftmahsulot» kompaniyasi bosh direktori o`rinbosari Zafar Teshaboevning ma`lum qilishicha, Toshkent shahrida benzin taqchilligi yuzaga kelishiga sabablardan biri aynan shu. Unga ko`ra, «Temiryo`ldagi tashuvchi texnikalarning temiryo`l qurilishida ishtirok etayotgani, Angren stansiyasida ko`mir ortilgan vagonlar sabab yuzaga kelgan tiqilinch sabab, avtobenzin va dizel yoqilg`isini tashuvchi teplovozlar to`xtab, kutib qolgan».
Yana benzinga navbat
Ko`p o`tmay, ya`ni, 31 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri AYoQShlarida sotiladigan benzinga limit qo`yilgani haqida xabarlar paydo bo`ldi. Shuningdek, shu kuni Toshkentda yana benzin bilan bog`liq muammolar boshlandi, kechga tomon poytaxt AYoQShlarida yana uzun navbatlar paydo bo`la boshlagan. Gazeta.uzning xabariga ko`ra, ushbu masala bo`yicha «O`zdavneftgaznazorat» tashkiloti mutaxasisslari Kun.Uz internet-nashriga bergan ma`lumotida, Toshkent shahrida bunday limit joriy etilmagani, AYoQSh istalgan avtomobilga haydovchi talab etganicha benzin quyishga avvalgidek haqli ekanligini ma`lum qilishdi.
Mezon.Uz internet-nashri «O`zneftmahsulot» kompaniyasi vakillari bilan intervyuni chop etdi. Kompaniya vakillarining so`zlariga ko`ra, shaharda benzin taqchilligi yuzaga kelishiga asossiz mish-mishlarga ishonib, avvallari 10-15 litrdan benzin quygan haydovchilar 20-30 litrdan quyishni boshlagani sabab bo`lmoqda.
Kun.Uz ma`lumotiga ko`ra, mish-mishlardan tashqari benzin taqchilligiga viloyat haydovchilari, “taksist”larining Toshkentdan baklarni to`ldirib ketishlari ham sabab bo`lishi mumkin. Viloyatlarga qatnovchi avtomobillarning aksariyati gazda harakatlanadi va ular odatda benzin to`la baklardan biror manzilga etish uchun foydalanishmaydi. Aksincha, viloyatlarga olib chiqilgan benzin ustiga narx qo`yilgani holda aholiga sotilishi mumkin.
“Ortiqcha benzin xalal bermaydi”
Ayrim hollarda yoqilg`i narxi oshishi haqidagi asossiz mish-mishlar tufayli haydovchilar shoshilinch tarzda ko`p miqdorda yoqilg`i sotib olishga harakat qiladilar. AYoQShlarda benzinni kanistra yoki shisha idishlarga quyish taqiqlangani bois, haydovchi uyiga borib, bakdagi benzinni kanistraga quyganidan so`ng, yana AYoQShga qaytib kelarkan. Ba`zi haydovchilarga ko`ra: “uyda ortiqcha benzin hech qachon xalaqit bermaydi”. Biroq, yo`lda ketayotganingizda ayrim uylar oldidagi yo`l bo`ylarida benzinni sotish uchun “baklajka”larga solib chiqarib qo`yilganining ham guvohi bo`lasiz. Xo`sh, bunday holatda “qimmatlashgan” benzinni aynan mish-mishlar tufayli AYoQShdan ortiqcha sotib olingan benzin emasligiga kim kafolat bera oladi?!
“Ortiqcha benzin olib yurganga chora bormi?”
Avvalo, avtotransport vositasini sotib olgan yoki endi boshqarayotgan shaxs boshidanoq belgilangan yo`riqnoma bilan tanishtiriladi. Ma`lumki, hozir har bir avtomashina yillik majburiy sug`urta qilinadi. Sug`urta qiluvchi va avtomobil egasi o`rtasida tuzilgan shartnomada tomonlarning majburiyatlari qatorida, haydovchi nimalarga alohida e`tibor qaratishi lozimligi ham belgilangan. Majburiy talablardan biri bu - yong`inga olib keluvchi harakatlardan tiyilishdir. Avtomobilda yonilg`i olib yurish, sigaret chekish va boshqa shu kabi holatlar alohida qayd etilgan. Shuningdek, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Qonunda belgilangan tartibni buzgan, yong`inga olib keluvchi holatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik ham belgilangan.
Sifatli benzin qanday aniqlanadi?
Bugungi kunda sifatli benzinni topish ham oson ish emas. Biroq haydovchi borki, avtomashinasiga faqat sifatli benzin quyishni xohlaydi. Aksariyat avtomobillarga yonilg`i quyish shoxobchalari xo`jayinlarining esa o`z makru-hiylalari bor. Mo`may daromad ilinjida bo`lgan bunday kimsalarga sifatsiz yonilg`i quyish oqibatida nosoz holatga tushayotgan avtomobillar emas, balki, topayotgan kunlik daromadlari muhimroq. Albatta, yonilg`i sifatini tekshirib beruvchi qurilmalar ham mavjud. Biroq aksariyat yurtdoshlarimiz bunday qurimaga ega emas. Xo`sh, bu holda kelgusida dvigatel bilan bog`liq noxush vaziyatlar kelib chiqmasligi uchun avtomobilimizga quyayotgan yonilg`i sifatini qanday tekshirish mumkin?
Albatta, tajribali haydovchilar benzinning sifati yomonligini avtomashinaning tortishi o`zgarishidan yoki dvigatelda tez yonishi (detonasiya hosil qilishi) kabi holatlardan aniqlab oladi. Siz tanlagan yoqilg`i quyish shaxobchasidagi benzinning sifatli ekaniga ishonch hosil qilish uchun uni oddiy sharoitda ham juda oson, ammo samarali yo`llar bilan sinab ko`rish mumkin.
Ayoqshga keldingiz...
Yonilg`i quyuvchi pistoletni olib, uni bak og`ziga qo`yishdan oldin pistolet quvurining ichki devoriga barmog`ingizni tekkizib ko`ring. Agar benzinga solyarka yoki oktanlar miqdorini oshiruvchi qo`shimchalar qo`shilgan bo`lsa, tekshirgan joyingizdagi yog` dog`lari barmog`ingizga o`rnashib qoladi. Barmoqda bunday dog`lar qolmasa, demak, yonilg`i tarkibiga hech narsa aralashtirilmagan.
Benzin sifatini tekshirishning oson yo`llaridan yana biri oddiy oq qog`ozga benzin tomiziladi. Tomizilgan benzin joyini engilgina puflasangiz, u osongina bug`lanib ketadi. Agar qog`ozning bu joyi yana asl holiga kelsa, demak benzin sifatli.
Oddiy sharoitda benzin sifatini aniqlash uchun yana bir qancha murakkab bo`lmagan sinovlardan ham foydalanish mumkin. Masalan, bir necha tomchi benzinni qo`lingizga suring. Agar benzin surilgan joy tezda qurib qolganini his qilsangiz, bu benzin tarkibida hech qanday qo`shimcha moddalar yo`qligidan darak beradi.
Benzinni shaffof idishga quying. Hech qanday qo`shimchalarsiz toza benzin tiniq bo`ladi. Idishda u xira ko`rinsa, yonilg`i sifatsiz. Shuningdek, kimyoviy xossasiga ko`ra, benzin rangsiz suyuqlik, biroq A-76 benzinida boshqa qo`shimchalar mavjud bo`lsa, u A-95 yoki A-98 benzinlariga qaraganda ancha xiraroq ko`rinishda bo`ladi. Benzin qancha saqlanadi?
Mo``tadil iqlimli mintaqalarda benzin avtomobillarning yonilg`i baklarida 3 oydan 6 oygacha, bochkalarda ko`pi bilan bir yil, erga ko`milgan rezervuarlarda 2,5 yilgacha saqlanishi mumkin. Janubiy hududlarda bu muddatlar taxminan 2 marta kam, shimoliy hududlarda esa 1,5 marta ko`p bo`ladi.





