12.11.2013 09:12
O`zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo`mitasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi
Tadbirda O`zbekiston va Xitoyning tashqi iqtisodiy aloqalar, moliya, savdo-sanoat, sarmoya, iqtisodiyot, energetika, xavfsizlik, fan va texnika, qishloq xo`jaligi, transport va transport kommunikasiyalari, madaniyat kabi sohalar uchun mas`ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi. Anjumanda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari, O`zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo`mitasi hamraisi Rustam Azimov O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasidagi hamkorlik barcha yo`nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo`lib xizmat qilayotganini alohida ta`kidladi. Majlisda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog`ida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta`minlash borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotgani, bu sa`y-harakatlar ikki mamlakat manfaatlari yo`lida xizmat qilayotgani qayd etildi. – Ushbu qo`mita tashkil etilganidan buyon ikki tomonning sa`y-harakatlari natijasida katta muvaffaqiyatlarga erishilgani bizni g`oyat quvontiradi, – dedi Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo`mitasi siyosiy byurosining a`zosi, XKPMQ siyosiy-yuridik komissiyasi kotibi, qo`mita hamraisi Men Szyanchju. – Ushbu qo`mita majlisi oliy darajadagi uchrashuvlar chog`ida erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Muzokarada qo`shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, sarmoyaviy, moliyaviy va texnikaviy hamkorlik, tadbirkorlik sub`ektlarining bevosita aloqalarini rag`batlantirish, energetika, xavfsizlik, madaniyat, fan va texnikaga oid masalalar muhokama qilindi. Qayd etib o`tish joiz, O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasida o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 2012 yilda 3,4 milliard AQSh dollariga etdi. Joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko`ra, mazkur ko`rsatkich 2,3 milliard dollarni tashkil etdi. Bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 59 foiz ko`pdir. O`zbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 455 qo`shma korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 70tasi yuz foiz Xitoy sarmoyasi asosida tashkil etilgan. Yurtimizda Xitoyning 71 kompaniyasi vakolatxonasi ishlab turibdi.





