12.11.2013 09:08
MDHga raislik 2014 yildan Ukrainaga o`tadi
Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligining sammitlari 20 yildan ortiq vaqt davomida davlatlararo ahamiyatga molik muhim masalalar, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish, o`zaro ma`qul qarorlar qabul qilish maqsadida ochiq maslahatlashish uchun qulay muloqot maydoni vazifasini o`tab kelmoqda, deb xabar beradi O`zA. Minsk uchrashuvida Hamdo`stlik faoliyatini yanada takomillashtirish, a`zo mamlakatlar o`rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko`rib chiqildi. Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro muammolar, xususan, terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog` kontrabandasi kabi tahdidlarni bartaraf etishda hamkorlik borasida fikr almashdilar. Afg`onistondagi vaziyat haqida so`z borar ekan, 2014 yilda xalqaro koalisiya kuchlari bu mamlakatdan chiqarilishi xavfsizlikni ta`minlash borasidagi mushtarak sa`y-harakatlarni yanada faol muvofiqlashtirishni taqozo qilishi ta`kidlandi. Islom Karimov Hamdo`stlik makonida terrorizm va ekstremizm g`oyalari kirib kelishiga yo`l qo`ymaydigan muhitni shakllantirish, bu illatlarning oldini olishda faqat ularning o`zi emas, manbalariga qarshi kurashish zarurligini qayd etdi. O`zbekiston rahbari bu borada axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik ham muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladi. O`zbekiston Prezidenti Afg`onistondagi vaziyat haqida to`xtalib, bu muammoning harbiy echimi yo`q ekanini, qurolli mojaroga murosa va muzokaralar bilan barham berish maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi. Davlat rahbarlari MDH doirasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarga doir masalalarni ham ko`rib chiqdilar. Ma`lumki, bu yo`nalishdagi ko`p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2011 yilda Erkin savdo zonasi to`g`risidagi shartnoma imzolangan. Prezident Islom Karimov to`laqonli erkin savdo zonasini barpo etish eng ustuvor va muhim vazifalardan biri ekanini ta`kidladi. Zero, dunyodagi ko`plab mamlakatlar moliyaviy-iqtisodiy inqirozni boshdan kechirgan va uning asoratlarini bartaraf etayotgan hozirgi sharoitda mukammal erkin savdo zonasini shakllantirish ishlab chiqarishni rag`batlantirish, ishbilarmon doiralarning o`zaro ishonchini yanada mustahkamlash, qo`shma iqtisodiy dasturlarning vaqtida ijro etilishini ta`minlash kabi qator iqtisodiy samaralar beradi. Prezidentlar madaniy-gumanitar hamkorlik masalalarini muhokama qilib, 2014 yilni MDHda Sayyohlik yili deb e`lon qilishga kelishib oldilar. Davlat rahbarlari jinoyatchilik, odam savdosi, narkobiznes, terrorizmga qarshi kurashish chora-tadbirlari to`g`risidagi dasturlarni tasdiqladilar. Hamdo`stlikka raislik 2014 yildan Ukrainaga o`tadi.





