12.11.2013 09:06
Paxtakorlar 3 million 350 ming tonnadan ziyod xirmon bunyod etdilar
Unda xususan shunday deyiladi, bugun qishloq xo`jaligi sohasida, qolaversa, butun yurtimiz hayotida quvonchli bir voqea paxtakorlar 3 million 350 ming tonnadan ziyod xirmon bunyod etib, katta mehnat g`alabasiga erishdilar. Vatanimiz taraqqiyoti yo`lida, iqtisodiyotimizni barqaror sur`atlar bilan rivojlantirishda, xalqimizning hayotini yanada farovon va obod qilishda, haqiqatan ham, katta hissa bo`lgan bu ulkan yutuq bilan avvalambor paxtakorlarimizni, barcha qishloq xo`jaligi mehnatkashlarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etishdan xursandman.
Bu yuksak marra paxtachilik ishiga o`z hayotini bag`ishlagan, o`z kasbining ustasi va fidoyisi bo`lgan dehqon va fermerlarimizning, ushbu sohaga daxldor olim va mutaxassislarning o`ta murakkab va mashaqqatli mehnati natijasi, tom ma`noda mardlik va matonat namunasi ekanini xalqimiz yaxshi biladi va yuksak baholaydi.
Paxtani o`stirish, uni parvarish qilish, mo`l hosil etishtirish bilan tanish bo`lgan har qaysi odam bu ish naqadar og`ir mehnat talab qilishini, buning uchun yil davomida, birinchi navbatda, er va urug` tayyorlash, kunni kun, tunni tun demasdan, har tup ko`chat ustida parvona bo`lish, shuningdek, ob-havo injiqliklari, kasallik va zararkunandalar etkazadigan ziyonlar va boshqa turli muammolarni bartaraf etish bularga faqat irodasi mustahkam, o`z kasbi va mehnatini sevgan insonlargina qodir ekanini anglaydi, tushunadi.
Bu yilgi mavsumni oladigan bo`lsak, aprel oyida havo haroratining me`yordan sezilarli darajada past bo`lgani, surunkali yomg`ir va jala tufayli chigit ekish 5-7 kunga kechikib ketgani, may oyida 20-25 kun davomida tuproqda namlik miqdori ortib, chigitning unib chiqishi va g`o`za rivojini deyarli to`xtatib qo`yganini hammamiz yaxshi eslaymiz. Iyul-avgust oylarida esa harorat odatdagidan 8-10 daraja yuqori bo`lgani, janubiy viloyatlarimizda jazirama issiq 45-50 darajaga etgani, ko`zni ochirmaydigan garmsel, kuchli shamol va bo`ronlar kuzatilgani, turli zararkunanda va kasalliklar ko`paygani, tabiiyki, g`o`za rivojiga salbiy ta`sir ko`rsatib, hosil taqdirini xavf ostida qoldirdi.
Shularning barchasini hisobga olgan holda, paxtakorlarimizning bu yilgi mavsumda, ana shunday keskin va murakkab vaziyatda erishgan yuksak marra va natijalarining ahamiyati va qadr-qimmati yanada ortadi va har qancha tahsin va tasannolarga arziydi, albatta.
Shu borada beixtiyor odamning xayoliga keladigan bir fikrni aytib o`tishni o`rinli, deb bilaman. Paxta azal-azaldan oqlik, oq rangning timsoli sifatida e`tirof etiladi. Oq paxtani faqat oqko`ngil odamlargina etishtiradi. Ta`bir joiz bo`lsa, paxta nafaqat oq rangning ramzi, balki fidokorona mehnatning mahsuli desak, hech qanday mubolag`a bo`lmaydi. Qadrli yurtdoshlar!
Hech kimga sir emas, dehqonchilikda, ayniqsa, bizning O`zbekiston sharoitida tuprog`imiz, erimiz sifatini inobatga oladigan bo`lsak, har qanday hosilning eng katta, hal qiluvchi omili bu ekin maydonlarining meliorativ holatidir. Keyingi besh yil mobaynida maxsus davlat dasturi asosida mamlakatimiz bo`yicha salkam 1 trillion so`m mablag` sarflanib, 1 million 460 ming gektar sug`oriladigan erlarning meliorativ holati yaxshilangani qishloq xo`jaligi sohasida mo`l hosil etishtirish, jumladan, o`tgan shu davrda paxtachilikda hosildorlikni 24 sentnerdan 26,4 sentnerga etkazish uchun zamin yaratib berdi.
Mustaqillik yillarida har bir hududning tuproq va iqlim sharoitiga mos, ertapishar va serhosil g`o`za navlarini yaratish, seleksioner olimlarimizni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularning mehnatini rag`batlantirish bo`yicha olib borayotgan keng ko`lamli ishlarimiz tufayli o`nlab istiqbolli yangi navlar yaratilib, amalda joriy etilgani soha rivojida salmoqli qadam bo`lganini qayd etish zarur.
Bu yilgi mavsumda vujudga kelgan murakkab muammo va qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun har qachongidan ham ko`proq kuch va imkoniyatlarni safarbar etishga to`g`ri keldi. Buning tasdig`ini avvalo omilkor dehqonlarimizning intensiv agrotexnologiyalarni samarali qo`llagani, g`o`za qator oralari har yilgidan 3-4 marta ko`p, o`rtacha 7 marta kultivasiya qilingani, sug`orish ishlari sharbat usulida olib borilib, gektariga 10 tonnadan, jami 10 million tonnadan ortiq mahalliy o`g`it berilgani misolida ko`rish mumkin.
Shular qatorida keyingi yillarda shakllangan samarali tizim asosida fermer xo`jaliklari imtiyozli kreditlar va texnika bilan ta`minlangani, zarur urug`lik, mahalliy va mineral o`g`itlar, yoqilg`i-moylash materiallari bevosita dalaning o`ziga etkazib berilgani, yig`im-terim jarayoni uyushqoqlik bilan tashkil etilgani etishtirilgan mo`l hosilni yog`in-sochinli kunlarga qoldirmasdan, uning 90 foizdan ortig`ini yuqori sortlarga topshirish imkonini berdi. Ayniqsa, defoliasiya ishlari o`z vaqtida va sifatli amalga oshirilgani, keyingi yillarda bu agrotexnik tadbirning naqadar muhim ekanini fermerlarimiz chuqur anglab etgani va bu boradagi ishlar tizimli ravishda olib borilayotgani g`o`za rivojida birmuncha kechikish kuzatilgan joriy yilda o`zining aniq samarasini ko`rsatdi. Eng muhimi, inson omiliga katta e`tibor berilayotgani, qishloq ahlining o`z mehnatidan manfaatdorligi, o`z eriga egalik va mas`uliyat hissi, ertangi kunga bo`lgan ishonchi, daxldorlik tuyg`usi tobora ortib, ongu tafakkuri yuksalib borayotgani bu borada hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi, desam, o`ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo`shilasiz. Ishni oqilona va samarali tashkil etib, o`z shartnoma majburiyatlarini birinchilardan bo`lib ado etgan Qoraqalpog`iston Respublikasi, Navoiy, Andijon, Farg`ona, Buxoro viloyatlari, barcha viloyatlarimiz mehnatkashlari mamlakatimizning yuksak paxta xirmoniga munosib hissa qo`shganini minnatdorlik bilan ta`kidlashni istardim.
Ayniqsa, Amudaryo, Ellikqal`a, Shahrixon, Toshloq, Uchko`prik, O`zbekiston, Vobkent, Qarshi, Navbahor, Uychi, Pop, Narpay, Sherobod, Qumqo`rg`on, Bo`ka, Gurlan tumanlari dehqon va fermerlari belgilangan rejani 20-25 ish kunida bajarib, ko`pchilikka o`rnak va namuna bo`ldilar. Yurtimizdagi minglab ilg`or fermer xo`jaliklari qatorida Qamashi tumanidagi Ashur ota, Muborak tumanidagi Olam, Navbahor tumanidagi Martabali, Namangan tumanidagi Oltin zamin iftixori, Kattaqo`rg`on tumanidagi Hosil, Paxtachi tumanidagi Umida Sharipova, Sirdaryo tumanidagi Adolat momo, Rishton tumanidagi Gulobod yurt, Amudaryo tumanidagi Ulug`bek O`rozboev, Ellikqal`a tumanidagi Ro`zimboy bobo, Oltinko`l tumanidagi Nur-ziyo ko`zi singari fermer xo`jaliklari hosildorlikni gektaridan 45-60 sentnerga etkazib, fermerlik harakatining katta imkoniyatlarini, o`zbek dehqoni qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor isbotlab berdilar. Ayni vaqtda bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarning tadrijiy mantiqi, hayotning o`zi fermerlik harakatini yangi, yuksak bosqichga ko`tarishni taqozo etayotganini hammamiz yaxshi tushunamiz. Bu borada soha rivoji uchun yangi imkoniyatlar tug`dirib berish, uning samaradorligini oshirish, erni tom ma`noda haqiqiy egasiga topshirish, agrar sohada o`ziga xos maktab yaratgan ilg`or fermerlarning ish tajribasini yoshlarga o`rgatish, zamonaviy bilim va malakaga ega bo`lgan yangi fermerlar avlodini tarbiyalash kabi o`ta muhim vazifalar e`tiborimiz markazida turishi zarur. Hurmatli yurtdoshlar!
Hammamiz yaxshi tushunamizki, qishloq xo`jaligi sohasidagi barcha sa`y-harakatlarimizning pirovard natijasi dehqonlarimizning o`z mehnatidan munosib daromad olishi, aholimizning hayot sifati va darajasini oshirishdek ezgu maqsad bilan chambarchas bog`liqdir. Shu ma`noda, mustaqillik yillarida mamlakatimizda paxta tolasini yuksak texnologiyalar asosida qayta ishlash, uni qo`shimcha qiymatga ega bo`lgan mahsulot sifatida eksport qilish hajmi ortib borayotgani diqqatga sazovordir. Agar 90-yillarda yurtimizda etishtirilgan jami paxta tolasining atigi 7 foizi o`zimizda qayta ishlangan bo`lsa, o`tgan davr mobaynida bu raqam qariyb 6 barobar ortib, hozirgi vaqtda salkam 40 foizni tashkil etmoqda. Bu o`z navbatida oldimizda turgan turli muammolarni echish, ming-minglab yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni zamonaviy ish joylari bilan ta`minlash, aholining daromad manbalarini ko`paytirish imkonini berayotganini, o`ylaymanki, tushunish qiyin emas.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra bu yil paxtachilikdan olinadigan yalpi daromad o`rtacha 3 trillion 100 milliard so`mdan ziyod yoki o`tgan yilga nisbatan 23 foiz ko`p bo`lishi kutilayotgani dehqon va fermerlarimizning o`z mehnatidan manfaatdorligini kuchaytirish, Obod turmush yili Davlat dasturi va boshqa umummilliy dasturlarimiz doirasida belgilab olgan vazifalarimizni amalga oshirishga xizmat qilishi bilan ayniqsa e`tiborlidir.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bugungi xursandchilik kunda siz, fidoyi dehqon va fermerlarni, suvchi va mexanizatorlarni, agronom va seleksionerlarni, mutaxassis va mutasaddilarni, O`zbekistonimizning yuksak paxta xirmoniga munosib hissa qo`shgan barcha insonlarni bag`rimga bosib, yana bir bor tabriklar ekanman, sizlarga qalbimda, yuragimda bo`lgan hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etaman. Mana shunday shukuhli damlarda bizdan marhamatini darig` tutmasdan, o`z panohida asrab kelayotgani, doimo yo`limizni ochib berayotgani uchun Yaratganimizga shukronalar aytishimiz ham qarz, ham farz deb bilaman.
El-yurtimizdan, xonadonlarimizdan fayzu baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin! Osmonimiz hamisha musaffo bo`lsin! Halol mehnatingizning rohatini ko`ring, hech qachon kam bo`lmang, azizlarim, qadrdonlarim!





