AsosiyJamiyat

​Anvar qori 20 ming dollarlik oltin soati haqidagi gap-so`zlarga izoh berdi

'​Anvar qori 20 ming dollarlik oltin soati haqidagi gap-so`zlarga izoh berdi'ning rasmi

Taniqli diniy ulamo, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov Xalqaro press-klubning Majburiy ijro byurosi faoliyatiga bag`ishlangan anjumanida qatnashganidan so`ng, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylandi, deb yozadi “Daryo”.

Bir vaqtning o`zida Facebook’dagi bir qator ommabop guruhlar, sahifalarda Anvar qori anjumanda qo`liga qiymati 18—20 ming dollar atrofida bo`lgan Ulysse Nardin soatini taqib, qatnashgani haqida yozib chiqdi.

Telegram messenjerida esa Anvar qorining bu gap-so`zlarga audiomunosabati e`lon qilindi. Unda Toshkent shahar bosh imom-xatibi bo`lajak juma namozida bu kabi gap-so`zlarni tarqatganlarga javob berishini ma`lum qilib, ularni «Xudodan qo`rqishga» chaqirdi.

“Hayitdan oldin soatimni burayotgan edim, «chiq» etib buraydigan joyi buzilib qoldi. O`sha erda bir yaxshi ukamiz turgan ekan, «Qori aka, mana bu sizga hayitlik», deb ertasiga yangi soat olib kelib berdi. Keyin, ko`zlari kattagina ekan, deb taqdim. «Necha pul turadi bu soat?», desam: «Men buni BAAdan 250 dollarga olganman, sizga sovg`a», dedi. Bo`lgan gap shu.

Buni 20 ming dollar degan gaplarni tarqatib yuborishdi. Astag`firulloh, shunaqa ham tuhmat bo`ladimi? Bir narsani o`zimdan so`rash, olib bunday tekshirish kerak edi. Masalan, men hech qachon oltin soat taqmayman. Qanaqa gap bu, Xudodan qo`rqmaydimi bular? Uyat bormi ularda? Juma namozida ularga o`z javobimni aytaman. Lekin ular Xudodan qo`rqishsin. Mening gapim shu. Xudodan qo`rqishsin”,— deydi Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov.

Anvar qorining qayd etishicha, shu soatning oltindan ishlangan originali haqiqatan ham 20 ming dollar turadi. Biroq uning qo`lidagi soat «oltin emas, temirdan».

“Mana, soat hozir qo`limda turibdi, nechta odamga ham ko`rsatdim, sovg`a qilgan ukamiz ham: «250 dollarga olganman», dedi. Hayit kuni hayitlik deb berdi. Bu internetda aytilgan soat emas. Xohlasa, kelib, qo`limdan olib ko`rsin. Nomini ham bilmayman, o`qiganim ham yo`q. Internetda aytilgan soatning originali bo`lar ekan — u oltindan ishlanarkan, 20 ming dollar turarkan. Qo`limdagi soat esa oltin emas, temir bu”,—deya so`zlarini davom ettiradi Anvar qori Tursunov.

Anvar qorining alohida ta`kidlashicha, u badavlat odam emas va ko`pchilik o`ylaganidek BMW avtomobilini haydab yurmaydi:

“Men unday badavlat odam emasman, hozir ham otamning uyida, uch sotix joyda turaman. O`zim bir dona uy ham qurmaganman. Kim xohlasa, kelib ko`rsin. ‘Shu erda turasizmi, qori aka?’, deb hayron bo`ladi odamlar. Beshta bolam bor, onamni boqaman. Menda BMW yo`q. Oddiy Captiva’ning eski nusxasi bor-ku, shu bor. Shuni ham tijorat bilan shug`ullanadigan o`g`lim olib bergan.

Bu yolg`on, bu tuhmat. Bu dushmanlarning ishi. Menga soat sovg`a qilgan bechora ukamizga: ‘Qaerdan ham menga hayitlik berding?’, deb aytdim. Kulyapti u. Shu gaplarning ozginasi ham to`g`ri bo`lganida ham edi: ‘Ha, endi qimmatbaho shu narsani oldim yoki birov berdi’, deb aytardim. Unaqa emas-ku!”

    Boshqa yangiliklar