AsosiyJamiyat

“Kamolot” o`rnida yoshlarning yangi tashkiloti ish boshlaydi

'“Kamolot” o`rnida yoshlarning yangi tashkiloti ish boshlaydi'ning rasmi

Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida 30 iyun kuni O`zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyi bo`lib o`tdi, deb yozadi O`zA.

Anjuman dasturi rang-barang tadbirlarga boy bo`ldi. Qurultoy delegatlari O`zbek Milliy akademik drama teatrida “Taqdir sinovlari” spektaklini tomosha qildi. “Shahidlar xotirasi” xiyoboni va “Qatag`on qurbonlari xotirasi” muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Hazrati Imom majmuasini borib ko`rdi. O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji, Yakkasaroy tumanidagi 144-umumta`lim maktabida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Yoshlar ijod saroyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida akademiklar va yosh olimlar bilan uchrashdi.

Qurultoy delegatlari Mustaqillik maydonida hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo`lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo`ydi.

Simpoziumlar saroyida “Kamolot”ning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlaridan saylangan delegatlar jam bo`ldi. Qurultoy kun tartibiga qo`yilgan masalalarning dolzarbligidan kelib chiqib, unda qatnashish uchun Oliy Majlis Senati a`zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a`zolari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi. Shuningdek, videokonferensiya orqali Qoraqalpog`iston Respublikasi rahbariyati, mahalliy hokimliklar rahbarlari, hududlardagi yoshlar qatnashdi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining qurultoyi ochiq, deb e`lon qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Qurultoyda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.

Delegatlar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati negizida O`zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etish taklifini ma`qulladi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi raisi o`rinbosari B.Mamadaliev, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog`iston Respublikasi kengashi raisi A.Daniyarov, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti magistranti O.To`ychiev, “Result” o`quv markazi rahbari A.Sa`dullaev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi M.Raimqulova, Sirdaryo viloyatidagi “Sarvinoz Sobirjonovna Fayzi” fermer xo`jaligi rahbari S.Shokirova va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga yoshlarga qaratilayotgan alohida e`tibor uchun minnatdorlik bildirdi. O`zbekiston yoshlar ittifoqi navqiron avlod orasiga chuqur kirib boradigan muhim institutga aylanishini ta`kidladi.

O`zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi etib Qahramon Quronboev saylandi.

    Boshqa yangiliklar