O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokida muzokaralarni davom ettirdilar.
Oliy darajadagi tashriflar muntazamlik kasb etgani davlatlararo munosabatlar yuksak darajada rivojlanayotganidan dalolat beradi. O`zbekiston va Rossiya rahbarlarining bu galgi uchrashuvi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov asos solgan o`zaro manfaatli muloqotlarning mantiqiy davomi bo`ldi, deb yozadi O`zA.

Unda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikasiyalari, qishloq xo`jaligi, madaniyat, turizm, mehnat migrantlariga munosib sharoitlar yaratish va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e`tibor qaratildi.
O`zbekiston va Rossiya xalqaro maydonda bir-birini qo`llab-quvvatlab kelmoqda. Ikki mamlakatning tashqi siyosat, tashqi savdo, mudofaa mahkamalari o`rtasida o`zaro maslahatlashuvlar izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
O`zbekiston – Rossiya munosabatlarida savdo-iqtisodiy hamkorlik asosiy o`rin tutadi. 2013-2017 yillarga mo`ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2015-2019 yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishning asosiy yo`nalishlariga oid hukumatlararo bitimga muvofiq bu sohadagi aloqalar izchil taraqqiy etmoqda.
Rossiya O`zbekistonning etakchi savdo sheriklaridan biri. O`zbekiston Rossiyaga tabiiy gaz, transport vositalari, qora va rangli metallar, trikotaj, paxta tolasi, meva-sabzavotlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Rossiya mamlakatimizga transport vositalari, kimyo va qog`oz sanoati tovarlari, oziq-ovqat mahsulotlari etkazib beradi.
O`zbekistonda rossiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan 961 qo`shma korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda Rossiyaning 64 firma va kompaniyasi vakolatxonasi ochilgan. Rossiya Federasiyasi hududida o`zbekistonlik hamkorlar bilan 595 tadbirkorlik sub`ektlari tashkil etilgan bo`lib, ular samarali faoliyat olib bormoqda.
O`zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o`sib bormoqda.
Ochiq va do`stona ruhda o`tgan muzokarada o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, uni yangi bosqichga ko`tarish borasida fikr almashildi.






