AsosiyJamiyat

​Toshkentda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi bo`ladi

'​Toshkentda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi bo`ladi'ning rasmi

Toshkent shahrida 7 aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tadi.

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida o`tkazilgan brifingda ma`lum qilindi. Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Anvar Nosirov mazkur kengash majlisida Armaniston, Belarus, Qirg`iziston, Qozog`iston, Rossiya, Tojikiston tashqi ishlar vazirlari, Moldova, Ozarbayjon va Turkmanistondan tashqi ishlar vaziri o`rinbosarlari ishtirok etishini ta`kidladi. Kengash majlisida MDH Ijroiya qo`mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ham qatnashadi, deya xabar beradi O`zA.

Tashqi ishlar vazirlari kengashi MDH Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashi qarorlari asosida ishtirokchi davlatlarni qiziqtirgan masalalar bo`yicha tashqi siyosiy hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi asosiy ijroiya organidir. Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisi Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashi yig`ilishlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi hisoblanadi va bir yilda ikki marta o`tkaziladi. Joriy yilda Davlat rahbarlarining navbatdagi yig`ilishi oktyabr oyida Moskva shahrida, Hukumat rahbarlari yig`ilishlari esa may oyida Qozon shahrida va noyabr oyida Ashxobod shahrida bo`lib o`tadi.

MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining bo`lajak majlisi kun tartibiga 16 hujjat loyihasi kiritilgan. Ulardan 10 tasi Hamdo`stlikning Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashiga kiritish uchun tasdiqlanishi rejalashtirilgan.

Ko`rib chiqilayotgan hujjatlar loyihalari Hamdo`stlik mamlakatlarining tashqi siyosat, huquqiy, madaniy-gumanitar, xavfsizlikni ta`minlash, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg`in qurollarini tarqatishga qarshi kurashish sohalaridagi o`zaro hamkorlik masalalariga qaratilgan.

Vazirlar mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, MDH davlatlarining barqaror rivojlanishini ta`minlashga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadi. Kengash majlisi doirasida tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama uchrashuvlar ham o`tkazadi.

Vazirlar uchrashuvining hujjatlarini birgalikda ishlab chiqish maqsadida 2017 yil 6 aprel kuni ishtirokchi davlatlar va MDH Ijroiya qo`mitasi vakillarining Kelishuv majlisi bo`lib o`tadi.

Mazkur tadbirlarda 200 dan ortiq mehmon, shu jumladan, rasmiy delegasiyalar a`zolari va jurnalistlar ishtirok etishi ko`zda tutilgan.

Boshqa yangiliklar