AsosiySUG'DIYONA

​O`simlik yog`ining ro`zg`ordagi 8 foydasi

'​O`simlik yog`ining ro`zg`ordagi 8 foydasi'ning rasmi

Salatu taomlarimizga maza beruvchi barchamizga tanish bo`lgan o`simlik yog`i nafaqat oshxonada, balki ro`zg`orning boshqa sohalarida ham yordamchingiz bo`lishi mumkin.

Jihozlarni silliqlash

Mebellaringizni yaltiratish uchun maxsus kimyoviy vositalar sotib olish shart emas. Purkovchi idishga 2 osh qoshiq o`simlik yog`i va 1 osh qoshiq limon sharbati (yoki sirka)ni solib, idish qopqog`ini yopib yaxshilab aralashtiring. So`ng mebellarga aralashmani purkab chiqing. 2 daqiqa o`tgach, toza mato yoki qog`oz sochiq bilan arting.

Yog`ochni yaltiratish

Pollarni yuvib bo`lgach, 3 osh qoshiq o`simlik yog`i va 1 osh qoshiq limon sharbati yoki sirkani aralashtirib, bu aralashma pollarga yaxshilab surtib chiqing. 5 6 daqiqadan so`ng polni quruq latta bilan arting. Yog`och pollar xuddi parket pol kabi yarqirab ketadi va bu aralashma ularni tez chirib ketishidan asraydi.

Idish yuvganda

Asal, xantal, murabbo va shakarli qiyom solingan idish yopishqoq bo`lib qoladi. Idishlarga biroz o`simlik yog`i surtib qo`ying. 3 4 daqiqadan keyin idishlarni yuving.

Zanjirsimon yopqich

Shim, yubka, sumka va boshqa kiyimlardagi zanjirsimon yopqichlar (zamok) ko`pincha bir joyda qotib qoladi, yopilib-ochilishi qiyinlashadi. Uni ta`mirlash uchun yopqichga bir necha tomchi o`simlik yog`i tomizing. Shunda u osonlikcha harakatlana boshlaydi.

Jez va po`lat uchun

Jez va po`latdan yasalgan kran o`z jilosini yo`qotgan bo`lsa, sizga o`simlik yog`i yordam beradi. Buning uchun yumshoq matoga (gubka) bir necha tomchi o`simlik yog`i tomizing va u bilan kranni yaxshilab arting. Bu temirning jilosini o`ziga qaytarish bilan birga uni zanglashdan ham asraydi.

Oshiq moshiq

Uy eshigi g`iyqillaverib g`ashingizga tekkan bo`lsa, uning oshiq moshig`iga biroz o`simlik yog`i tomizing. Xuddi shu chorani mashina eshigiga ham qo`llashingiz mumkin.

Bo`yoqni tozalash

Uyni ta`mirlaganda yoki deraza romlariyu eshiklarni bo`yaganda, qo`llaringizni kraska bo`yog`idan muhofaza qila olmaysiz. Bunda tanangizning kraska bo`yog`i tekkan qismlariga o`simlik yog`i surting va 5 daqiqadan so`ng sovun bilan yuving. Agar bo`yoq sochlaringizga ham tekkan bo`lsa, toza matoni yog`lab sochingizni arting. So`ngra albatta yaxshilab yuving.

Charmni yangilash

Charm qo`lqop, sumka, botinkalarga avvalgi jilosini qaytarishni istasangiz, ularni o`simlik yog`ida ho`llangan gubka bilan yaxshilab artib, bir necha daqiqaga qoldiring. Keyin teri ustidagi ortiqcha yog`ni quruq mato bilan tozalang.

KAVSAR

    Boshqa yangiliklar