Laqabi “Ajal farishtasi” bo`lgan, 50 kishini o`ldirishda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Donald Xarvi qamoqxona kamerasida urib o`ldirildi, deb xabar berdi Vesti.ru nashri.
1970-1980 yillarda Donald Xarvi AQShning Sinsinnati (Ogayo shtati) va London (Kentukki shtati) shaharlarida kasalxonada sanitar bo`lib ishlagan. U kasalxona bemorlarini ovqatga zahar solish, sun`iy nafas berish apparatini uzib qo`yish orqali o`ldirgan. Navbatdagi qurbonlardan birini yorib ko`rgan patologoanatomlar zaharli modda hidini sezgan va Donaldning jinoyati fosh etilgan. 1987 yilda “Ajal farishtasi” 37 odamni o`ldirganligini tan olgan. Keyinchalik yana Sinsinnati shahar kasalxonasida 18 kishini o`ldirganini ma`lum qildi.
Donald Xarvi bir necha martalik umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. U jazoni Ogayo shtatining Tolido shahrida joylashgan qamoqxonada o`tayotgan edi. 28 mart kuni kechqurun u kamerada kaltaklangan holda topildi. Qamoqxona hisobotida ma`lumot berilishicha, 64 yoshli Xarvini kameraga kirgan noma`lum shaxslar kaltaklagan. Oradan ikki kun o`tgach, Xarvi olgan tan jarohati tufayli vafot etdi.
Sud jarayonida Xarvi bedavo dardga chalingan bemorlarga yordam berish, ularning azobini engillashtirish maqsadida ularni o`ldirganligini tan oldi. Ammo okrug prokurori kenja Gamilton Artur Ney uning bu gaplarini inobatga olmay, Xarviga odamlarni o`ldirish yoqqanligi uchun mazkur qotilliklarni amalga oshirgan, degan ayblovni qo`ydi.






