Toshkent shahrida 2017 yil 30 mart kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Kengashining navbatdagi, o`ttizinchi majlisi bo`lib o`tdi.
Unda Qozog`iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg`iziston Respublikasi, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston Respublikasi, O`zbekiston Respublikasi va ShHT MATT Ijroiya qo`mitasi vakillari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.
ShHT MATT Kengashining majlisi Xitoy Xalq Respublikasi raisligida o`tdi.
Majlis yakunlariga ko`ra, ShHT Davlat rahbarlari kengashiga taqdim etiladigan ShHT MATT Kengashining mazkur xalqaro tuzilmaning 2016 yildagi faoliyati to`g`risidagi ma`ruzasi ma`qullandi, 2016 yilda ShHTga a`zo davlatlarning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo`yicha 2016-2018 yillarga mo`ljallangan hamkorlik dasturi va ShHT MATT Kengashining avval qabul qilingan qarorlari ijrosi muhokama qilindi. ShHTga a`zo davlatlar vakolatli organlarining Tojikiston Respublikasi hududida o`tkazilgan terrorizmga qarshi "Hamkorlik – 2016” birgalikdagi o`quv mashqlari yakunlariga yuqori baho berildi.
ShHTning ekstremizmga qarshi kurashish to`g`risidagi konvensiyasi loyihasi ma`qullandi.
2017 yilda ShHTga a`zo davlatlar vakolatli organlarining terrorizmga qarshi birgalikdagi o`quv mashqlari va chegara operasiyalari, ShHTga a`zo va kuzatuvchi davlatlar delegasiyalari ishtirokida xalqaro terrorizm hamda ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalariga bag`ishlangan beshinchi ilmiy-amaliy konferensiyani o`tkazish bo`yicha qarorlar qabul qilindi.
ShHTga a`zo davlatlar vakolatli organlarining ekstremistik yo`nalishdagi diniy oqimlarning buzg`unchi faoliyati oqibatida yuzaga keladigan tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo`yicha hamkorlikdagi chora-tadbirlar ma`qullandi.
ShHT MATT Ijroiya qo`mitasining o`tgan davrdagi faoliyati ijobiy baholandi. ShHT MATT Ijroiya qo`mitasi faoliyatini tashkiliy va kadrlar bilan, moliyaviy ta`minlash, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasida ShHTga a`zo davlatlar hamkorligining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga doir masalalar yuzasidan qator qarorlar qabul qilindi.
ShHT MATT faoliyatini rivojlantirishga qo`shgan hissasi uchun mazkur davlatlar vakolatli organlarining qator xodimlari va ShHT MATT Ijroiya qo`mitasining mansabdor shaxslari rag`batlantirildi.
ShHT MATT Kengashining navbatdagi majlisini 2017 yil sentyabr oyida Xitoy Xalq Respublikasida o`tkazishga kelishib olindi.
Kengash majlisi ishchanlik va amaliy ruhda o`tdi.






