Sayyor qabulxonaga maxsus jihozlangan “Isuzu” avtobusi ajratilib, boshqarma rahbariyati fuqarolarni shahar va tumanlarda, markazdan olis qishloqlarda qabul qilmoqda.
– O`tgan yilning oktyabr oyidan boshlab boshqarma va uning shahar, tuman bo`limlari rahbarlari tomonidan har kuni soat 8.00 dan 11.00 gacha jismoniy va yuridik shaxslarning qabuli yo`lga qo`yildi, – deydi Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta`minlash bo`limi boshlig`i A.Yo`lchiev.
O`tgan qisqa davrda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi orqali viloyat ichki ishlar boshqarmasiga yuborilgan 650 murojaatning 500 dan ortig`i ko`rib chiqildi va 100 ga yaqin murojaat yuzasidan qanoatlantiruvchi qaror qabul qilindi. 315 murojaat bo`yicha ularni yo`llagan jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy tushuntirishlar berildi, 20 ga yaqin murojaat tegishli idoralarga yuborildi. Ayni paytda 140 dan ortiq murojaat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sayyor qabulxonaga maxsus jihozlangan “Isuzu” avtobusi ajratildi. Boshqarma rahbariyati fuqarolarni shahar va tumanlarda, markazdan olis qishloqlarda qabul qilmoqda. Shunday tadbir yangi yilning dastlabki kunlarida Chortoq tumanidagi Koroskon va Saroy, Kosonsoy tumanining Obodon, Ravot, Chindovul qishloqlarida tashkil qilindi. Sayyor qabul davomida fuqarolar nafaqat ichki ishlar organlariga tegishli, balki boshqa ko`plab masalalar yuzasidan ham fikr-mulohaza va takliflar bildirdi, o`zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. Sayyor qabulda tushgan murojaatlarning aksariyati shu joyning o`zida mutasaddi idora va tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda ko`rib chiqildi, deb yozadi O`zA.





