O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov va Davlatimizning amaldagi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2016 yil xalqaro hayotning 40 nafar hal qiluvchi shaxslari ro`yxatiga kiritildi. Mazkur ro`yxat Ispaniyaning etakchi analitika markazlari – Barselona xalqaro munosabatlar Markazi tomonidan nashr etilgan (CIDOB).
Har yili tuziladigan mazkur ro`yxatga dunyoning muxim siyosat va jamoat arboblari kiritiladi.
2016 yilgi ro`yxatga O`zbekistonning Birinchi va amaldagi Prezidentlari kiritildi. Ro`yxat tuzuvchilari atoqli davlat va siyosat arbobi bo`lgan Islom Karimov mustaqil Davlatning asoschisi sanalib, O`zbekistonni Sobiq sovet tuzumidan so`ng oyoqqa turishida asosiy rol o`ynagan shaxs ekanligini qayd etgan.
Hayotini Vatani va xalqiga xizmat qilishga bag`ishlagan O`zbekistonning Birinchi Prezidentiga berilgan bunday yuksak baho uning xotirasiga bo`lgan hurmatning yana bir ifodasi bo`ldi.
CIDOB ekspertlari bir vaqtning o`zida, O`zbekistonning tajribali Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev Prezident saylovlarida 88 foizdan ortiq ovoz bilan ishonchli g`alaba qozonganini ham qayd etgan. Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligda O`zbekiston siyosatida yangi istiqbollarni kutish mumkin, deya qayd etadi ispaniyalik sharhlovchilar.
Mazkur reyting O`zbekistonning xalqaro maydonda nufuzi ortib borayotganligidan, shuningdek mamlakatimizning erishgan yutuqlarini dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinayotganligidan dalolat beradi, deb yozadi “Jahon” AA.





