AQSh Venesueladagi eski tadqiqot reaktorida saqlangan barcha boyitilgan uranni mamlakat hududidan olib chiqib ketdi. Bu haqda The Guardian nashri AQSh Energetika vazirligi bayonotiga tayanib xabar berdi.
Vazirlik maʼlumotiga koʻra, gap 13,5 kilogramm boyitilgan uran haqida ketmoqda. Operatsiya Venesuela va Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. AQSh Energetika vazirligi ushbu jarayonni "Amerika, Venesuela va butun dunyo uchun gʻalaba" deb atadi.
Xalqaro atom energiyasi agentligi maʼlum qilishicha, uran "murakkab va oʻta sezgir operatsiya" doirasida Janubiy Amerikadan Shimoliy Amerikaga quruqlik va dengiz orqali xavfsiz tarzda tashilgan.
Material Venesuela poytaxti Karakasdan taxminan 15 kilometr uzoqlikdagi obyektdan olib chiqilgan. Keyinchalik u AQShning Janubiy Karolina shtatidagi majmuaga yetkazilgan.
AQSh vazirligi bayonotida operatsiya Prezident Donald Trampning qatʼiy yetakchiligi tufayli amalga oshgani ham taʼkidlangan.






