Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovni o`ldirgan polisiyachi Mavlud Mert Altintash imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo`g`onning qo`riqlash xizmatiga ishga olinish arafasida bo`lgan, deb yozdi “Vesti”.
Bu haqda Turkiyaning Hurriyet gazetasiga terrorchining opasi Saxar ma`lum qilgan.
Uning so`zlariga ko`ra, Altintash va uning do`sti Anqarada imtihon topshirib, undan muvaffaqiyatli o`tgan edi. Biroq ularning har ikkalasi ham polisiyada bir yildan ko`proq vaqt ishlagan bo`lsa ham prezident qo`riqlash xizmatiga ishga olinmagan edi.
Rossiya elchisini o`ldirgan terrorchining opasi shuni ham qo`shimcha qildiki, ularning oilasi dinga kuchli e`tiqod qilishi bilan ajralib turmagan, biroq polisiya maktabida o`qiyotgan paytda Altintash kuniga besh mahal namoz o`qigan.
Eslatib o`tamiz, Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlov 19 dekabr kuni ko`rgazma ochilish paytida otib o`ldirilgan edi. Andrey Karlovga “Rossiya qahramoni” unvoni berilgan.





