O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari tashrifini Samarqand shahridagi Yoshlar kreativ parki faoliyati bilan tanishishdan boshladi.
So‘nggi yillarda shaharda aholi soni ortib, yangi turar joylar va ijtimoiy obyektlar barpo etilgani natijasida yashil hududlar va dam olish maskanlariga ehtiyoj oshgan. Shu maqsadda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili millionlab ko‘chatlar ekib kelinmoqda.
Sobiq harbiy gospital o‘rnida barpo etilgan 5,4 gektar hududda Yoshlar kreativ shaharchasi va jamoat bog‘i tashkil etilgan. Bu yerda zamonaviy kutubxona, o‘quv markazlari, sun’iy intellekt va robototexnika yo‘nalishlari, sport va dam olish infratuzilmalari yaratilgan.
Shuningdek, Prezident “Profi deutsch” nemis tili markazi faoliyati bilan tanishdi. Markazda xalqaro “Telc” sertifikatini olish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu yoshlar uchun xorijda ta’lim olishga yo‘l ochadi.
Tashrif davomida davlat rahbari yoshlar bilan muloqot qilib, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Samarqandda bunday zamonaviy maskanlarni ko‘paytirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.






