Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida giyohvandlik vositalari muomalasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tadbirda 1989 yilda tug‘ilgan fuqaroning sumkasi tekshirilganda, undan jami 4 kilogramm 463 gramm "gashish" moddasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olindi. Ushbu jinoyatga aloqador sifatida uning muqaddam sudlangan ukasi ham ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, ular narkotik moddani Afg‘onistondan noqonuniy olib kirib, hududda sotishni rejalashtirgan.
Navoiy shahrida o‘tkazilgan tadbirda esa 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘lga olinib, undan gashish moyi va qadoqlangan narkotik moddalar aniqlandi. Keyinchalik uning yashash manzili tekshirilganda, u yerda narkolaboratoriya tashkil etilgani ma’lum bo‘ldi.
Manzildan ko‘p miqdorda gashish va gashish moyi, shuningdek, ularni tayyorlash va qadoqlash uchun mo‘ljallangan jihozlar musodara qilindi.
Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llandi.






