2025 yil sentyabr oyida Toshkent viloyatidagi bir qator maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning omaviy zaharlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilmogda. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 13 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudida Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Quyi Chirchiq tumanlarida sodir bo‘lgan holatlar yuzasidan ochiq sud jarayoni boshlangan. Ish doirasida 11 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “b” bandi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarish va o‘tkazish) hamda 257-1-moddasi 1-qismi (sanitariya qoidalarini buzish) bilan ayblanmogda. Sudlanuvchilarning 10 nafariga “qamoqqa olish”, yana 1 nafariga “uy qamog‘i” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 25 sentyabr kuni Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi bog‘chalarda tarbiyalanayotgan bolalar ovqatdan keyin zaharlangani ma’lum bo‘lgan edi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, jami 1922 nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ularning 959 nafarida klinik belgilari kuzatilmaganligi uchun uyiga javob berilgan, 269 bola davolanib chiqarilgan, keyinchalik yana 694 bola shifokorlar nazoratida davolangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarning ahvoliga bog‘chalarga yetkazib berilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Mazkur mahsulot Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlardan birida ishlab chiqarilgani aniqlangan. Sud jarayoni davom etmogda.






