11 yanvardan 12 yanvarga o‘tar kechasi Sauudiya Arabistonida Ispaniya Superkubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda “Barselona” azaliy raqibi “Real Madrid”ni 3:2 hisobida mag‘lub etib, bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvning 36-daqiqasida Rafinyaning aniq zarbasi hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim yakuniga yaqin o‘yin yanada keskinlashdi. 45+2-daqiqada Vinisius Junior javob golini urib, muvozanatni tiklab berdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 45+4-daqiqada Robert Levandovskiy “Barselona”ni yana oldinga olib chiqdi. Biroq qo‘shimcha daqiqalarda “Real” yana hisobni tenglashtirdi — 45+6-daqiqada Garsiya gol muallifiga aylandi.
Ikkinchi bo‘limning 76-daqiqasida Rafinyaning ikkinchi goli “Barselona”ga g‘alabani taqdim etdi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan 90+1-daqiqada Frenki de Yong qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Shunga qaramay, hisob o‘zgarmadi va bahs “Barselona” foydasiga yakunlandi.
Shu tariqa, kataloniyaliklar Ispaniya Superkubogini ketma-ket ikkinchi bor, umumiy hisobda esa 16-marta qo‘lga kiritdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha “Real Madrid” 13 ta sovrin bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.






