Andijon viloyatida imtihonlardan past baho olgan kursdoshining bahosini ko‘tarib berishni va’da qilgan ichki ishlar organi xodimi va bu ishda ishtirok etgan universitet menejeri pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasining xodimi kursdoshi sinov imtihonlaridan past baho olganini bilib, u bilan moddiy manfaatga qaratilgan muloqotga kirishgan va universitet dekani orqali sinov imtihonlarini qayta topshirmasdan turib, yaxshi baholar qo‘yidirib berishi evaziga 2 mln 700 ming so‘m talab qilgan.
Biroq talaba safdor xodimning noqonuniy xatti-harakatlari borasida Ichki ishlar vazirligi shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasiga murojaat qilib, bor holatni izohlash bergan. Viloyat shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi safdor xodimi kursdoshidan pullarni olayotgan vaqtida ushlangan.
Shundan so‘ng, safdor tezkor tadbir davom ettirilishini so‘rab, bu ishda yana bir inson, ya’ni yaxshi baholar qo‘yidirib berishni va’da qilgan 2001 yilda tug‘ilgan universitetda menejer bo‘lib ishlovchi fuqaroning ishtiroki borligi va so‘ralgan pullar shu shaxsga berilishini aytgan. Arizaga asosan tezkor tadbir davom ettirilib, universitet xodimi 2 mln 500 ming so‘m miqdordagi pulni olayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan va unga nisbatan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tegishli buyrug‘i bilan “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi nizomi 144-band “a” kichik bandiga ko‘ra safdor xodim ichki ishlar organlaridan bo‘shatilib, to‘plangan hujjatlar yuzasidan tergovgacha qadar tekshiruv harakatlari olib borilmogda.






