AsosiyJamiyat

Toshkent postlaridagi turargohlar mehmonlarga shaharga kirishni cheklamaydi.

"Poytaxtga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shaharga kirishda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi", degan xabar noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

'Toshkent postlaridagi turargohlar mehmonlarga shaharga kirishni cheklamaydi.'ning rasmi

Prezident matbuot xizmatining “poytaxtga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shaharga kirishda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi”, degan xabari ayrim OAVlarda va ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ushbu xabarlarga darakchi.uz aniqlik kiritdi.

Ma’lum qilinishicha, poytaxtga kirish nuqtalarida tashkil etilayotgan turargohlar mehmonlarga shaharga kirishni cheklash yoki avtomobil harakatini taqiqlashni nazarda tutmaydi.

Mazkur turargohlar Toshkentga kelayotgan fuqarolar uchun qo‘shimcha ixtiyoriy tanlov va qulaylik sifatida joriy etilmoqda. Ya’ni, haydovchilar o‘z istagiga ko‘ra avtomobilini ushbu joylarda qoldirib, qulay jamoat transporti orqali harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bunday yechimlar dunyoning yirik shaharlarida keng qo‘llanilayotgan amaliyot sifatida fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik ko‘rinishida taklif etiladi.

Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda kelasi yili poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chishi, 3 tasi rekonstruksiya qilinishi aytilgan. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kampinglar barpo etiladi.

Asosiysi, bu nuqtalarga jamoat transporti tarmog‘i bog‘lanadi. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shu yerda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

    Boshqa yangiliklar