Turkiya Diniy Jamg'armasi (TDV) tashabbusi bilan 11–12 noyabr kunlari Istanbulda Xalqaro G'azo gumanitar sammiti bo'lib o'tadi. Bu haqda Anadolu nashri xabar berdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — G'azo sektoridagi davom etayotgan gumanitar inqirozga e'tibor qaratish va xalqaro birdamlikni kuchaytirishdir. Jamg'arma xabariga ko'ra, sammitda Turkiya Diniy ishlar boshqarmasi rahbari Safi Arpagush hamda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat tashkilotlar, inson huquqlari faollari, olimlar va OAV vakillari ishtirok etadi.
Tadbirda so'nggi ikki yildan beri G'azoda davom etayotgan og'ir inqirozga barqaror va uzoq muddatli yechim topish yo'llari muhokama qilinadi. Ishtirokchilar vayron bo'lgan infratuzilma, sog'liqni saqlash, ta'lim va uy-joy tizimlarini tiklash zarurati, shuningdek, millionlab jabrlangan fuqarolarga yordam ko'rsatishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish haqida fikr almashadi.
TDV bosh direktori Izani Turan sammit G'azo xalqini qo'llab-quvvatlash va urushdan vayron bo'lgan hududda hayotni tiklashga xizmat qilishini ta'kidlamoqda. Uning so'zlariga ko'ra, tadbir insonparvarik harakatlarini global darajada birlashtiruvchi amaliy va barqaror tashabbuslarga zamin yaratadi.
Turan shuningdek, sammitning asosiy maqsadi — G'azoni qayta tiklash va rivojlantirish bo'yicha yo'l xaritasini ishlab chiqish, gumanitar, OAV va moliyaviy tashkilotlar o'rtasida hamkorlik platformasini yaratish hamda barqaror yordam manbalarini ta'minlash ekanligini qayd etdi.
Uning fikricha, sammit yordam tashkilotlari va davlat tuzilmalari o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, insonparvarik yordamining samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.






