YE rasmiylari Ukrainaga yordam dasturini davom ettirish uchun qo‘shimcha mablag‘ kerakligini bildirdi. Shu bois Bryussel Rossiyaning muzlatilgan davlat aktivlaridan foydalanish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Hozircha bu mablag‘lardan qanday foydalanish bo‘yicha yakdil qaror yo‘q: ayrim davlatlar aktivlarning o‘zini to‘liq musodara qilishni taklif qilsa, boshqalar faqat ulardan tushayotgan daromadni Ukrainaga ajratishni ma’qul ko‘rmoqda.
The Guardian'ning yozishicha, YE Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Politico esa Yevrokomissiya 200 mlrd evroga yaqin aktivlarni Ukrainaga o‘tkazish uchun maxsus mexanizm ustida ishlayotganini xabar qildi.
YE tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ta’kidlaganidek, Rossiya aktivlari urush tugagunicha va Kreml yetkazilgan zararlarni qoplamaguncha qaytarilmaydi.