Kiyev shahar meri Vitaliy Klichkoning maʼlum qilishicha, Rossiya qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilgan ommaviy hujum natijasida kamida 22 kishi jarohatlangan. Ular orasida 10 va 18 yoshli ikki aka-uka ham bor, kichik bola shifoxonaga yetkazilgan.
Kiyev viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Timur Tkachenkoga koʻra, hujumning oqibatlari shaharning kamida 20 ta nuqtasida qayd etilgan. Jumladan, Darnitsa tumanida besh qavatli turar joy binosiga toʻgʻridan-toʻgʻri snaryad tegib, uning bir qismi butunlay yoʻq qilingan. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Dnepr tumanida koʻp qavatli uylar va Solomenkada yakka tartibdagi uy zararlangan. Shaharning boshqa hududlarida ham turar joylar, ofis binolari va xususiy uylarga zarar yetgan.
Mahalliy hokimiyat maʼlumotiga koʻra, Kiyev dronlar, qanotli va ballistik raketalar orqali hujumga uchragan.