AQShning Massachusets texnologiya instituti (MIT) olimlari sun'iy intellekt yordamida dori vositalariga chidamli gonoreya va xavfli MRSA (metitsillinga chidamli oltin rangli stafilokokk) bakteriyalarini yo‘q qilishga qodir 2 ta yangi antibiotik ishlab chiqdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Bildirilishicha, ular laboratoriyada hayvonlar ustida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan. Shunga qaramay, ularni bemorlarga qo‘llashdan oldin bir necha yillik takomillashtirish va klinik sinovlar talab etiladi.
SI dastlab ma’lum dorilarning kimyoviy tuzilishi va ularning bakteriyalarga ta’siri haqidagi ma’lumotlar bilan boyitilgan. Keyin esa ikki yo‘nalishda ish olib borilgan — biri mavjud kimyoviy fragmentlar bilan ishlash, ikkinchisi esa SI ga to‘liq erkinlik berish.
Natijada inson salomatligi uchun xavfli bo‘lmagan va mavjud antibiotiklarga o‘xshamaydigan 2 ta istiqbolli dori ishlab chiqilgan. Ular laboratoriya sharoitida sichqonlarda sinovdan o‘tkazilib, ijobiy natijaga erishilgan.
Olimlar preparatlar hali klinik sinovlarga tayyor emasligini, ularni takomillashtirish uchun kamida yana 1–2 yil kerak bo‘lishini ta’kidlamoqda.