Kecha, 30-iyul kuni soat 18:30 lar atrofida AQSHning “F-35 Lightning II” reaktiv qiruvchi samolyoti dala hududiga qulab tushdi. Voqea AQSHning Kaliforniya shtati Fresno okrugida joylashgan Lemur harbiy aviabaza yaqinida sodir bo‘lgan. Bu haqda “Fox 26 News” xabar berdi.
Unga ko‘ra, favqulodda xizmatlar voqea joyiga yetib borgan. Uchuvchi samolyot halokatga uchrashidan oldin undan chiqishga ulgurgan.
Qulagan samolyot AQSH Harbiy-dengiz kuchlari yoki dengiz piyoda qo‘shinlariga tegishli bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hodisa yuzasidan tergov jarayonlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, ushbu samolyot “ko‘rinmas” texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy harbiy texnika bo‘lib, havo-havo, havo-yer hujumlarini amalga oshirish, razvedka va radioelektron kurash vazifalarini bajarishga mo‘ljallangan.