Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Chust tumanida yuk mashinasi savdo do‘koniga borib urilgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, YTH joriy yilning 23 iyul kuni soat 18:00 da yuz bergan. Howo rusumli yuk avtomashinasining haydovchisi “Chust-Qoraqo‘rg‘on” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmagan va “Yangichak” MFY markazida joylashgan savdo do‘koniga borib urilgan.
YHXB bergan ma’lumotga ko‘ra, YTH oqibatida yuk avtomashinasi va savdo do‘koniga moddiy zarar yetgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Mazkur holat yuzasidan Chust tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






