Fransiya madaniyat vaziri va Parij meri lavozimiga nomzod Rashida Dati korrupsiya va lavozim vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanib sudga tortiladi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Parij sudyalari Dati va Renault-Nissan konsernining sobiq rahbari Karlos Gonga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atishga qaror qildi. Ayblovga ko‘ra, Dati 2009–2011 yillarda Yevropa parlamenti a’zosi bo‘lganida, kompaniyaga lobbichilik qilgani uchun 900 ming yevro olgan.
Ushbu mablag‘ 2010–2012 yillarda Niderlandiyadagi sho‘ba korxonadan “huquqiy xizmatlar” uchun to‘langan bo‘lsa-da, tergovchilar u hech qanday haqiqiy ish bajarmagan deb hisoblamoqda. Shu davrda Dati Yevroparlamentda faoliyat yuritgan.
Karlos Gon ham sudga tortilishi kutilmoqda. U Yaponiyada hibsdan qochib, hozirda Livanda yashamoqda. Har ikkala shaxs ham ayblovlarni rad etmoqda.
Dastlabki sud majlisi 29 sentyabrga belgilangan. Dati hukumatdagi faoliyatini davom ettirishini ma’lum qilgan. Hukumat manbasi sud jarayoni hali hukm emasligini, shuning uchun u o‘z vazifasini bajarishda davom etishini bildirgan.