Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamoat birlashmasi tomonidan xalq orasida “Salomiy” taxallusi bilan tanilgan shoir Abdusaid Abdusalomovga tegishli bo‘lgan “Senmiding” nomli she’r muallifning ruxsatisiz ijro etilgani yuzasidan huquqiy chora ko‘rilishini so‘rab qilingan murojaat vazirlik tomonidan o‘rganib chiqilgan.
O‘rganish mobaynida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonova ijrosidagi “Senmiding” nomli qo‘shiq she’ri xonanda Guljahon Xolxo‘jayeva tomonidan muallifning ruxsatisiz foydalangani aniqlanib, holat yuzasidan unga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi va tegishli sudga yuborildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining qaroriga ko‘ra, xonandaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 prim 1-moddasi (mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish)ning 1-qismi bilan jarima jazosi tayinlandi.
Ma’lumot uchun, qonunchilikka muvofiq muallif huquqbuzardan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishga haqli hisoblanadi.