AsosiyJamiyat

XVI asrdagi ekologiya siyosati

Suv – hayot manbai. Ammo u faqat ichimlik yoki tabiiy boylik emas, balki tarixiy taraqqiyotlar, agrar siyosatlar va hatto siyosiy hokimiyatlar barqarorligida ham asosiy omil bo‘lgan.

'XVI asrdagi ekologiya siyosati'ning rasmi

XVI asrdagi ekologiya siyosati


   

Suv – hayot manbai. Ammo u faqat ichimlik yoki tabiiy boylik emas, balki tarixiy taraqqiyotlar, agrar siyosatlar va hatto siyosiy hokimiyatlar barqarorligida ham asosiy omil bo‘lgan. O‘rta Osiyo kabi iqlimi quruq, yillik yog‘ingarchiligi kam, lekin daryo tarmoqlariga boy mintaqalarda irrigatsiya tizimi qadimdan taraqqiyot mezoni bo‘lib kelgan. Ayniqsa, XVI asrda hukmronlik qilgan Shayboniylar sulolasi davrida sug‘orma dehqonchilik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha olib borilgan siyosat o‘ziga xos tarixiy bosqichni tashkil etadi.

 

Shayboniylar va irrigatsiya: muvozanatli siyosatning namunasi


    Shayboniylar hukmronligi davrida (asosan XVI asr) barpo etilgan irrigatsiya tizimi – bu faqat suv inshootlari emas, balki markazlashgan davlat boshqaruvi, ilm-fan, muhandislik va ijtimoiy rejalashtirish uyg‘unligining tarixiy mahsulidir. Bu tizim orqali daryolar nazoratga olinib, Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon va Murg‘ob daryolari, ularning irmoqlari orqali sug‘orish tizimi shakllantirilib, daryo suvlari tabiiy va sun’iy yo‘llar orqali dehqonchilik uchun jalb etilgan. Bu orqali agrar hayot asoslari mustahkamlangan, mehnat unumdorligi va mahalliy iqtisodiyot yuksalgan.
 

Tarixiy asarlarda irrigatsiya


    «Mehmonnomai Buxoro» asarida Sirdaryo bo‘yidagi sug‘orish tizimlariga alohida urg‘u beriladi. Daryo bo‘yidan ko‘plab anhorlar qazilib, ular orqali ekinzorlar sug‘orilgan. Bu ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Shayboniylar davrida suv inshootlari nafaqat tabiiy ehtiyoj, balki markazlashtirilgan siyosiy e’tiborning mahsuli sifatida qaralgan.


Zarafshon bo‘yidagi yirik inshootlar


1502-yilda Shayboniyxon tomonidan Zarafshon daryosiga qurilgan suvayirg‘ich (ko‘prik) daryo suvini vodiy bo‘ylab adolatli taqsimlashga xizmat qilgan. Bu inshoot oddiy muhandislik emas, balki irrigatsiya boshqaruvida rejali yondashuv mavjud bo‘lganining dalilidir.

 Xuddi shunday, XVI asr 80-yillarida Abdullaxon II tomonidan Beklarsoy darasida barpo etilgan «Abdullaxon bandi» nomli to‘g‘on o‘z davrining eng murakkab va puxta loyihalaridan biri sanaladi. To‘g‘on slanes toshlari va maxsus qir qorishmasi yordamida qurilib, 1,2 mln. kubometr suv to‘plash quvvatiga ega bo‘lgan. 1,2 ming gektar yerni sug‘orishga xizmat qilgan bu tizim, hududiy iqtisodiyotning markaziy tarmog‘ini tashkil etgan.

 

Hududiy irrigatsiya tarmoqlarining kengayishi


Shayboniylar davrida irrigatsiya faqat markaziy hududlar bilan cheklanmagan. Zarafshon daryosi bo‘yida qurilgan Puli Karmana, Puli Mehtar, Puli Jondor kabi sug‘orish inshootlari va Tuyatortar kanali orqali Jizzax vohasiga suv yetkazib berish tizimi shakllantirilgan. Murg‘ob daryosi havzasida ham Hovuzxon suv ombori va unga bog‘langan kanallar orqali Marv atroflari sug‘orilgan.


Shuningdek, Jo‘ybor shayxlarining ijtimoiy-siyosiy ta’siri ortib borar ekan, ularga tegishli yerlar atrofida irrigatsiya tizimi yanada kengaytirilgan. Vaxsh daryosidan kanallar chiqarilib, bu yerlarning daromad salohiyati oshirilgan. Bunday qurilishlarda asosan mahalliy aholi mehnatga majburan jalb etilgan bo‘lsa-da, natijalar mamlakat iqtisodiyoti uchun sezilarli bo‘lgan.


   

Abdullaxon II davrida Buxoro xonligi siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan yuksalish bosqichiga kirgan edi. Xususan, irrigatsiya tizimining rivojlanishi, yer-suv munosabatlarining takomillashuvi, shaharsozlik, hunarmandchilik va savdo-sotiq sohalaridagi o‘sish bu davr taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichlari sifatida e’tirof etiladi. Abdullaxon agrar islohotlar orqali dehqonchilikni barqarorlashtirish, aholining farovonligini oshirishga katta e’tibor qaratgan. Yerga egalik masalasini tartibga solish va sug‘orish inshootlarini rivojlantirish orqali mamlakat iqtisodiy asoslarini mustahkamlashga erishilgan.


    Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ilmiy va madaniy merosni chuqur o‘rganish, uni xalqaro miqyosda targ‘ib etish yo‘lida faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan. Markaz nafaqat diniy-ma’rifiy yondashuvlarni ilgari surmoqda, balki tarixiy irrigatsiya tizimlari, shaharsozlik madaniyati va iqtisodiy islohotlar kabi yo‘nalishlarni ham chuqur tahlil etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu esa tarixiy xotirani tiklash va undan zamonaviy taraqqiyot uchun ilhom manbai sifatida foydalanish imkonini beradi.


    Shunday qilib, Abdullaxon bandi singari yirik muhandislik inshootlari va ular bilan bog‘liq siyosiy-iqtisodiy islohotlar bugungi O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lida amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Tarixiy tajriba, adolatli boshqaruv va ilmiy yondashuvlar asosida olib borilayotgan islohotlar mamlakatimizning barqaror va farovon kelajagiga xizmat qilmoqda.

 

Husan TURSUNOV
 
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini ko‘rsatgan holda foydalanish mumkin.

    Boshqa yangiliklar