AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainaga bir necha milliard dollarlik yangi moliyaviy yordam ajratishi mumkin. Bu haqda CBS News diplomatik manbalarga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, bu yordam “so‘nggi kunlarda Ukrainaga qarshi dronlar va raketalar bilan zarba bergan Rossiyaga aniq signal bo‘lishi mumkin”.
Yordam miqdori aniqlashtirilmagan bo‘lsa-da, Tramp ixtiyorida hali ham Bayden prezidentligi davridan qolgan 3,85 milliard dollar mavjud bo‘lib, bu mablag‘ Ukraina tomoniga AQSH harbiy texnikasini yetkazib berish uchun sarflanishi mumkin.
Bundan tashqari, AQSH hukumati Rossiyaning xorijda muzlatib qo‘yilgan qariyb 5 milliard dollarlik aktivlarini musodara qilib, Ukrainaga yo‘naltirishi ham mumkin. Ammo hozirga qadar na Bayden, na Tramp bu vakolatdan foydalangan.
Bu kabi ehtimoliy moliyaviy choralar Rossiyaga bosimni kuchaytirish va Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.