Meksikada noma’lum qurolli shaxslar Grupo Minero Bacis kompaniyasiga tegishli, qiymati millionlab dollarga teng 33 tonna oltin va kumush konsentratini tashiyotgan yuk mashinasini o‘g‘irlab ketishdi.
Hodisa Durangodan Manzanillo porti tomon harakatlanayotgan shosseda sodir bo‘lgan. Hujumchilar ikki oq mashina yordamida yuk mashinasining yo‘lini to‘sib, haydovchi va qo‘riqchilarni tahdid ostida 1,5 soat garovda ushlab turishgan, so‘ng esa ularni sog‘-salomat qo‘yib yuborib, yuk mashinasini va qimmatbaho metall ortilgan tirkamani olib ketishgan. Keyinchalik mashina topilgan, ammo tirkama hanuz yo‘q.
Yuk ortilgan konsentrat oddiy rudadan farqli o‘laroq, qimmatbaho metallarni yuqori miqdorda saqlovchi yarim tayyor mahsulot hisoblanadi. U sof oltin yoki kumush olish uchun eritish zavodlariga yuboriladi.
El Financiero‘ning yozishicha, kompaniya egasi Xose Xayme Gutiérres Nunies — Meksikaning nufuzli sanoatchilaridan biri. U nafaqat Grupo Minero Bacis kompaniyasiga rahbarlik qiladi, balki yana 12 ta yirik kompaniyaning direktorlar kengashida faoliyat yuritadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Meksikada har 50 daqiqada birorta talonchilik holati qayd etiladi. 2025 yilning dastlabki ikki oyida o‘g‘irliklar soni o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga oshgan. Shunga qaramay, 33 tonna konsentratning o‘g‘irlanishi bu sohada misli ko‘rilmagan voqea sifatida qayd etildi.