AsosiyJamiyat

O‘zbekistonliklarga Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlarga viza tartibi soddalashtirilishi mumkin

Shuningdek, o‘zbekistonliklar uchun respublikada diplomatik vakolatxonasi mavjud bo‘lmagan davlatlarga alohida e’tibor qaratildi.

'O‘zbekistonliklarga Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlarga viza tartibi soddalashtirilishi mumkin'ning rasmi

O‘zbekiston fuqarolari uchun respublikada diplomatik vakolatxonalari bo‘lmagan mamlakatlarga vizalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirilishi mumkin. Tashqi ishlar vazirligida VFS Global kompaniyasi bilan shu masala muhokama qilindi.

TIV kompaniyaning MDH va Sharqiy Yevropa mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Sh. Mishra va O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari T.To‘ychiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda mamlakat hududlarida VFS Global ofislari tarmog‘ini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar jamoaviy guruhlarning arizalari bo‘yicha kompaniya xodimlarining sayyor qabullari mexanizmini ishga tushirishga kelishib oldi. Ushbu xizmat shakli pulli asosda ko‘rsatiladi hamda chekka hududlardagi ariza beruvchilarga Toshkent va Samarqand shaharlaridagi markazlarga tashrif buyurmasdan viza yordamini olish imkonini beradi.

Shuningdek, o‘zbekistonliklar uchun respublikada diplomatik vakolatxonasi mavjud bo‘lmagan davlatlar, jumladan, Kanada, Argentina, Avstraliya va boshqalarga vizalarni rasmiylashtirish tartib-taomillarini soddalashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

TIVning ta’kidlashicha, akkreditatsiyadan o‘tgan konsulliklar mavjud bo‘lmagan sharoitda vizani rasmiylashtirish qo‘shimcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomoni jarayonlarning bir qismini mamlakat hududiga ko‘chirishga, jumladan, VFS Global’ning mahalliy ofislari orqali biometrik ma’lumotlarni topshirish va onlayn suhbat o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi.

Tomonlar hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va O‘zbekiston fuqarolari uchun viza xizmatlari sifatini oshirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

VFS Global — hukumatlar va diplomatik vakolatxonalar uchun viza, pasport va konsullik xizmatlarini bajarishda ma’muriy qo‘llab-quvvatlashni olib beradigan xususiy autsorsing kompaniyasi.

Uning asosiy faoliyat yo‘nalishlariga quyidagilar kiradi: ariza hujjatlarini qabul qilish va tekshirish, uchrashuvlar (appointment) tashkil etish, biometrik ma’lumotlarni yig‘ish, hujjatlarni konsullik yoki elchixonalarga yo‘llash va ariza natijasini taqdim etish. Viza va uslubiy qarorlarni aniqlash o‘sha davlatlar tomonidan amalga oshiriladi — VFS Global bu jarayonni soddalashtiradi.

    Boshqa yangiliklar