Polshaning Kiyevdagi konsulxonasi Rossiya hujumi vaqtida zarar ko‘rdi. Bu haqda Anadolu Ajansi xabar berdi.
"Kecha kechqurun Rossiya tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujum yong‘inlarga va katta talafotlarga sabab bo‘ldi, shu jumladan Kiyevdagi Polsha konsulxonasiga ham zarar yetkazildi", — deb yozdi Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.
"Prezident Tramp, Putin sizning tinchlikka erishish harakatlaringiz ustidan kulmoqda. Iltimos, Ukrainaga zenit o‘q-dorilar yetkazib berishni tiklang va agressorga nisbatan yangi qat’iy sanksiyalar joriy qiling", — deya qo‘shimcha qildi Sikorskiy.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Kiyevga keng ko‘lamli zarbalar yo‘lladi. 20 dan ortiq kishi yaralangan.
Rossiya Qurolli kuchlari 4 iyul kuni erta tongda Ukrainaga raketalar va dronlar yordamida keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Ukraina Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda 539 ta dron hamda 11 ta raketadan foydalanilgan. Asosiy yo‘nalish poytaxt Kiyev bo‘lgan. Ukraina harbiylari 476 ta dron va “Iskander-K” majmuasidan uchirilgan 2 ta qanotli raketani zararsizlantirganini qayd etmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar oqibatida 23 kishi yaralangan, shulardan 14 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Mamlakat IIV Igor Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar natijasida poytaxtdagi turar joy binolari, ta’lim, tibbiyot va transport infratuzilmasiga shikast yetkazilgan.