AsosiyDunyo

Yaponiyada “Twitter qotili” qatl etildi

To‘qqiz ayolni o‘ldirgan Takahiro Shiraishi jazodan qocholmadi.

'Yaponiyada “Twitter qotili” qatl etildi'ning rasmi

Yaponiyada to‘qqiz kishini vahshiylarcha o‘ldirib, mamlakatni larzaga solgan Takahiro Shiraishi – ommaviy axborot vositalarida “Twitter qotili” nomi bilan tanilgan shaxs – nihoyat qatl etildi. Bu haqida BBC nashri" xabar bermoqda.

Mazkur jazo – Yaponiyada 2022 yildan buyon ijro etilgan ilk o‘lim jazosi sifatida qayd etildi.

2017 yilda yuz bergan dahshatli qotilliklar ketma-ketligi yapon jamiyatida vahima uyg‘otgan edi. 30 yoshli Shiraishi asosan 15 yoshdan 26 yoshgacha bo‘lgan ayollar bilan ijtimoiy tarmoq – Twitter orqali tanishgan, ularni aldab, o‘zining Zama shahridagi kvartirasiga olib borgan va bo‘g‘ib o‘ldirgan.

U jasadlarni bo‘laklab, muzlatkich va saqlash qutilarida yashirgan.

Politsiya u yashayotgan uyni tintuv qilganda, to‘qqiz kishining jasad qismlarini topgan.

Shiraishi bu ayollar hayotdan to‘yganini bilgan holda, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan insonlarga “o‘lishga yordam berishini” va’da qilgan. Twitter’dagi profilingda esa:

“Haqiqatan azob chekayotganlarga yordam bermoqchiman. Istalgan vaqtda shaxsiy xabar yo‘llang”, – degan yozuv bo‘lgan.

Sud jarayonida prokurorlar unga eng og‘ir – o‘lim jazosini so‘rashdi.

Himoyachilari esa “qurbonlar bunga rozilik bildirgan” degan vajlar bilan yengilroq hukm iltimos qilgan. Ammo Shiraishi advokatlarining fikriga zid chiqib, qurbonlar roziligisiz o‘ldirilganini tan olgan.

2020 yil dekabr oyida sud uni o‘lim jazosiga hukm qildi. Sud majlisida yuzlab odamlar qatnashdi. Uning bu jinoyatlari nafaqat yapon jamiyatiga, balki Twitter’ning siyosatiga ham keskin ta’sir ko‘rsatdi.

Hozirda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarga o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qilish yoki rag‘batlantirishni qat’iyan man etadi.

Yaponiyada o‘lim jazosi mavjud bo‘lib, odatda osish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Takahiro Shiraishi ham aynan shu tarzda jazolandi.

    Boshqa yangiliklar