Tunis sudi sobiq prezident Monsef Marzukiyni sirtdan 22 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U prezident Kays Saidning ashaddiy tanqidchisi sifatida davlat xavfsizligiga tahdid solganlikda ayblandi. Bu holat muxolifat orasida tanqidchilarga nisbatan bosim kuchayganidan xavotirlarni yanada kuchaytirdi, deya yozmoqda "Zamon.uz".
2011–2014 yillarda prezident bo‘lgan Marzuki Saidni parlamentni tarqatgani va barcha hokimiyatni o‘z qo‘liga olgani sababli avtoritar tuzum o‘rnatganlikda ayblab keladi. Said esa bularni mamlakat barqarorligi uchun zarur choralar deb hisoblaydi.
Bu Marzuki uchun chiqarilgan uchinchi hukm bo‘lib, o‘tgan yili ham u sakkiz yil va boshqa ishlar bo‘yicha to‘rt yil qamoq jazosiga mahkum etilgan edi.
Shu kuni ertalab mamlakatning yetakchi muxolifat partiyasi – Ennahdaning yuqori martabali vakili Sahbi Atig ham pora olishda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Aprel oyida esa yana bir guruh muxolifat yetakchilari, tadbirkorlar va advokatlar 66 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Bugungi kunda Tunisdagi ko‘plab siyosiy liderlar, jumladan, Ozod Konstitutsiyaviy partiyasi rahbari Abir Mussiy va Ennahda yetakchisi Roshid Gannuchi ham qamoqda qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Tunis Afrikaning shimolida joylashgan davlat bo‘lib, poytaxti — Tunis shahri. Rasman arab tili davlat tili hisoblanadi. Boshqaruv shakli — prezidentlik respublikasi. Pul birligi — Tunis dinori.