AQSHning yuqori martabali rasmiylari yaqin kunlarda Eronga ehtimoliy zarba berishga tayyorlanmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy hujum 21-22 iyun kunlari amalga oshirilishi mumkin, ammo rejalar o‘zgarishi ehtimoli bor. Shu bilan birga, AQSHda “bir nechta federal agentliklarning yuqori rahbariyati” ham zarbaga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, AQSH yetakchisi Donald Trampning AQSHning Eron-Isroil mojarosiga aralashuvi haqidagi pozitsiyasi so‘nggi kunlarda respublikachi ittifoqchilarning bosimi tufayli keskin o‘zgargan.
Manbalarga ko‘ra, senator Lindsi Grem (Janubiy Karolinadan, respublikachi) Trampni faol ravishda Tehronga qarshi harbiy choralar ko‘rishga chaqirgan.
“The Wall Street Journal” avvalroq xabar qilganidek, Tramp 17 iyun kuni kechqurun yordamchilariga Eronga hujum qilish rejasini ma’qullaganini, ammo uni amalga oshirishga hali buyruq bermaganini aytdi, chunki u Tehron yadro dasturidan voz kechishiga umid qilmoqda.
Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi, oradan bir kun o‘tmay Islom Respublikasi javob hujumini amalga oshirdi. Keyingi kunlarda mamlakatlar yana zarbalar almashdi. Ikkala tomon ham ushbu hujumlar oqibatida qurbonlar va jabrlanganlar haqida xabar berib, bir qator nishonlarga zarba berilganini tan oldi. O‘zaro zarbalar davom etmoqda.






