Turkiyaning Kapadokiya viloyati rang-barang sharlari bilan mashhur. Kecha, Aksaray viloyatida ikkita havo shari qulab tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, 12 kishi jarohatlandi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, havo sharlaridan birining 37 yoshli uchuvchisi halok bo‘lgan: u qo‘nish vaqtida savat ostida qolib ketgan. Yo‘lovchilar Indoneziyadan bo‘lganligi aytilmoqda.
Voqea joyiga zudlik bilan politsiya, qutqaruvchilar va o‘t o‘chiruvchilar yetib kelgan. Jabrlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonaga yetkazilgan. Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ular yengil jarohatlar olgan va hozirda ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, havo sharlari mashhur Ixlara vodiysida ertalab soat 5 da parvozni boshlagan. Taxminan ertalab soat 7 larda shamolning keskin va kuchli o‘zgarishi, bu ikkala baxtsiz hodisaga sabab bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda.
Havo sharlarining qaysi balandlikdan qulagani hozircha noma’lum.