Prezident Shavkat Mirziyoyev Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro haqida keskin fikr bildirib, ular o‘rtasidagi ziddiyat mintaqaga ham ta’sir o‘tkazishini aytdi. Bu haqda davlat rahbari raisligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
“Kuni kecha dunyoda yana bir mojarolar o‘chog‘i avj olgani nafaqat Yaqin Sharq, balki mintaqamizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Keskinlashuv davom etsa, pandemiyadan keyin endi-endi tiklanayotgan savdo aloqalari va logistika marshrutlari qiyinlashadi”,— deydi O‘zbekiston rahbar.
Shuningdek, Prezident amal kursisidagi har bir “stul egasini” topshiriq kutmasdan o‘zi tashabbusini ko‘rsatib, ishlashga o‘tishi kerakligini ta’kidladi.
“Shu bois har bir hokim hududidagi, vazirlar esa tarmog‘idagi imkoniyat va xavflarni oldindan ko‘ra bilib, proaktiv, ya’ni topshiriq kutmasdan, o‘zi tashabbus ko‘rsatib ishlashga o‘tishi shart”, — deya qo‘shimcha qildi Prezident.
Bundan tashqari, davlat rahbari o‘tgan besh oyda mamlakatda sanoat 6,4 foizga o‘sgani, eksport 18 foizga, xorijiy investitsiyalar 46 foizga oshganiga to‘xtalib, qiymati 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushganini ma’lum qildi. 2 million 400 ming odam daromadli bo‘lganiga to‘xtaldi.
“Tinchlik, adolat va inson qadrini ulug‘lashga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib borayapti. Shu bois har bir hokim hududidagi, vazirlar esa tarmog‘idagi imkoniyat va xavflarni oldindan ko‘ra bilib, proaktiv, ya’ni topshiriq kutmasdan, o‘zi tashabbus ko‘rsatib ishlashga o‘tishi shart.
Eng muhimi, aholi va biznes bilan muloqotni yanada kuchaytirib, ular so‘rayotgan masalalarni tez-tez hal qilib berish bu rahbarlarning asosiy vazifasi bo‘lishi zarur”, — dedi davlat rahbari.