Xalq bankining Farg‘onadagi xodimlari va ikki nafar hokim yordamchisi boshqa fuqarolar nomiga soxta hujjatlar asosida 153 mln so‘mlik kredit ajratib, pulni talon-toroj qilgani aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Xalq banki O‘zbekiston bank xizmatlari markazida ishlovchi mahalla bankiri va ushbu markaz boshqaruvchisi o‘rinbosarining noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Aniqlanishicha, ular oldindan til biriktirib, 2 nafar fuqaro nomiga 66 million so‘m kredit ajratib berish evaziga 10 million so‘m pora talab qilgan. Mahalla bankiri so‘ralgan pulni olayotgan vaqtda ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u ilgariroq 600 ming so‘m, boshqaruvchi o‘rinbosari esa 920 ming so‘m olganligi ham ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, bank markazi mansabdor shaxslari, O‘zbekiston tumanidagi ikki nafar hokim yordamchisi va birgina MCHJ rahbari bilan til biriktirib, soxta hujjatlar orqali boshqa fuqarolar nomiga jami 153 million so‘m miqdorida kredit ajratilishiga erishgani aniqlangan. Ajratilgan mablag‘lar naqdlashtirilib, talon-toroj qilingan.
Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
E’tiborlisi, markaz boshqaruvchisi o‘rinbosari bungacha 2000 va 2015 yillarda ham firibgarlik va pora olish moddasi bilan sudlangan bo‘lsa-da, o‘z xatolaridan xulosa chiqarmagan.