Qirg‘iziston Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik kelishuvini imzolash uchun platforma taqdim etishga tayyor. Bu haqda Qirg‘iziston Jogorku Keneshi raisi Nurlanbek Turgunbek Uluning Yerevandagi tashrifi chog‘ida ma’lum qilindi.
Armaniston Milliy majlisi spikeri Alen Simonyan Qirg‘iziston parlament delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda Simonyan Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi loyihasi to‘liq ishlab chiqilganini va armaniyaliklar uni imzolashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Bu bayonotga javoban, Qirg‘iziston parlamenti raisi Nurlanbek Turgunbek Ulu shunday dedi:
«Biz mintaqada barqaror tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Agar zarurat bo‘lsa, Qirg‘iziston vositachilik vazifasini o‘ziga olib, tinchlik kelishuvini imzolash uchun maydon taqdim etishga tayyor».
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 13-mart kuni Armaniston va Ozarbayjon tinchlik kelishuvi loyihasidagi 17 banddan so‘nggi 2 nozik masala yuzasidan kelishuvga erishganini e’lon qilgan edi. Yerevan hujjatni imzolash joyi va vaqti bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanini ma’lum qilgan, biroq Boku bu muzokaralarni hali erta, deb hisoblamoqda.
Ozarbayjon tomoni munosabatlarni to‘liq normallashtirish uchun yana ikki talabni ilgari surmoqda: 2022-yildan buyon faoliyati to‘xtatilgan YEXHT Minsk guruhining rasman tarqatilishi va Armaniston Konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritish.
Abdulloh Sayyid