Ukraina Rossiya bosqinidan so‘ng harbiy xizmatga chaqiriladigan erkaklar uchun mamlakatdan chiqish bo‘yicha qat’iy cheklovlar joriy qilgan edi. Shu kungacha 49 mingdan ortiq erkak noqonuniy tarzda chet elga chiqishga uringan va ular chegarada to‘xtatilgan. Bu haqda Ukraina Davlat chegara xizmati vakili Andrey Demchenko ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 45 ming erkak yashirin yo‘llar orqali chegarani buzib o‘tmoqchi bo‘lgan, ularning ko‘pi “yashil chegara” — o‘rmonzor va tog‘li hududlar orqali chiqishga uringan. Yana 4 ming nafarga yaqin kishi soxta hujjatlar yoki boshqa noqonuniy usullar bilan chiqmoqchi bo‘lgan.
Shuningdek, erkaklarga qochishda yordam bergan 900 ga yaqin jinoyat guruhi aniqlangan. Ular o‘z “xizmatlari” uchun 4500 yevrodan 11 ming yevrogacha pul olgan.
Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqi davlatlarida 800 mingdan ortiq ukrainalik erkaklar vaqtincha himoya maqomini olgan. Bu esa qonuniy chiqish yo‘llari qanchalik dolzarb masala ekanini ko‘rsatmoqda.