Rossiyada “Garri Potter” va boshqa mashhur film va seriallar taqiqlanadi.
Rossiyada "Taxtlar o‘yini", "Garri Potter", "Katta shaharda seks" hamda “Qog‘oz uy” (Cardhouse) film hamda seriallari chayldfri (bola ko‘rishni istamaslik) g‘oyasini targ‘ib qilgani uchun taqiqlanishi mumkin.
Rossiya parlamentining nashri "Parlamentskaya gazeta" shu haqda xabar bermoqda.
Rossiya Madaniyat vazirligi endi bola tug‘ilishidan voz kechish (chayldfri) g‘oyasini targ‘ib qiladigan filmlarga prokat ruxsatnomasi bermaydi. Mazkur vazirlik buyrug‘i 15 may kuni huquqiy ma’lumotlar portalidan e’lon qilindi.
O‘zgartirishlar Rossiya Madaniyat vazirligining filmga prokat ruxsatnomasi berish tartibi to‘g‘risidagi buyruqning 19-bandining “v” kichik-bandiga kiritiladi.
Hozirgi kunda prokat ruxsatnomalari pornografiya, zo‘ravonlik va shafqatsizlik, notraditsional jinsiy hayot, jinsni almashtirish g‘oyalarini targ‘ib qiladigan filmlarga berilmaydi.
Buyruq 2025 yil 1 sentyabrdan kuchga kiradi va 2030 yil 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Ma’lumki, 2024 yil dekabridan Rossiyada ommaviy axborot vositalarida, internetda, filmlarda va reklamada ongli ravishda bola tug‘ilishidan voz kechish g‘oyasini targ‘ib qilish taqiqlangan qonuni kuchga kirgan edi.
Rossiyada amaldagi qonunchilik “chayldfri” g‘oyasini ommaviy targ‘ib qilganlarni jarimaga tortishni ko‘zda tutadi. Bu huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga — 200 ming rublgacha, yuridik shaxslarga — 1 million rublgacha jarima belgilangan. MCHJlar uchun faoliyatini esa 90 kunga to‘xtatish javobgarligi ham nazarda tutilgan. Agar mazkur g‘oyalar balog‘atga yetmaganlar orasida OAV yoki internet orqali tarqalsa, jismoniy shaxslarga — 400 ming rublgacha, mansabdorlar va yuridik shaxslarga — mutanosib ravishda 800 ming va 5 million rublgacha jarima qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, "Parlamentskaya gazeta" avvalroq Rossiyada ma’naviy-axloqiy qadriyatlar lug‘ati — davlat idoralari va jamoat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishga yordam beradigan — tayyorlanishini xabar qilgan edi.
Abdulloh Sayyid