Hukumat qarori (313-son, 13.05.2025 y.) bilan tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborilgan va borgan davlatining qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan fuqarolarini qaytarish va ularni qaytarish bilan bog‘lik xarajatlarni undirish tartibi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan fuqarolarga quyidagi ta’sir choralari qo‘llanadi:
- deportatsiya qilingan fuqaro Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qaytarilganda, qaytarish xarajatlarini fuqarodan undirib olish;
- Migratsiya jamg‘armasi hisobidan taqdim etilgan subsidiya va kompensatsiya summalarini qaytarib undirish;
- 1 yilgacha muddat davomida rivojlangan davlatlarga tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatmaslik.
Deportatsiya qilingan fuqarolar quyidagilar asosida qaytariladi:
▪️ ularning O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga murojaati;
▪️ ular va yaqin qarindoshlarining Migratsiya agentligining xorijdagi vakolatxonalari, hududiy filiallariga murojaati;
▪️ xorijiy davlatlar vakolatli organlari tomonidan taqdim etilgan deportatsiya qilingan fuqarolar bo‘yicha ma’lumotlar.
Deportatsiya qilingan fuqarolar ularning transport xarajatlarini moliyalashtirish orqali qaytariladi.
Fuqaroning moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi arizasi ijobiy ko‘rib chiqilganidan so‘ng 1 ish kunida Migratsiya agentligi va fuqaro o‘rtasida qarz shartnomasi tuziladi.
Shartnomaga muvofiq moliyaviy yordam olgan shaxs ushbu mablag‘larning o‘rnini 30 kun muddatda qoplashi lozim.