Poytaxtdagi "Tanzilandiya" nomli xususiy bog‘chada bolalar kaltaklangani aytilmoqda. Ota-onalar tarbiyachilar farzandlariga qo‘pol munosabatda bo‘layotganini bildirib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Hozirda 3 nafar tarbiyachi ishdan olingan.
14 fevral kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimlari tomonidan Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “YUKSALISH CONSTRUCTION” (“Tanzilandiya”) nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Toshkent shahar sudi matbuot kotibi xabar berdi.
Natijada aniqlangan qo‘pol kamchiliklar asosida “YUKSALISH CONSTRUCTION” xususiy bog‘chasining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritildi.
Joriy yilning 19 mart kuni sudning hal qiluv qarori bilan “YUKSALISH CONSTRUCTION” xususiy bog‘chasi 2019 yil 27 dekabr kunidagi MT-1104-son litsenziyasi bekor qilindi.
Sudning qaroridan norozi bo‘lib, javobgar “YUKSALISH CONSTRUCTION” xususiy bog‘chasi iqtisodiy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritildi.
23 aprel kuni soat 12:00 da Toshkent shahar sudida sudya Usmanov Anvar Akramovich raisligida mazkur ish ko‘rib chiqildi. Sud hay’ati tomonidan javobgar “YUKSALISH CONSTRUCTION” ning apellyatsiya shikoyati qanoatlantirishni rad etdi va birinchi instansiya hal qiluv qarorini o‘z kuchida qoldirdi.