AsosiyJamiyat

Senatning to‘rtinchi yalpi majlisi 20 fevral kuni chaqiriladi

Chlpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

'Senatning to‘rtinchi yalpi majlisi 20 fevral kuni chaqiriladi'ning rasmi

17 fevral kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida Senatning to‘rtinchi yalpi majlisini 2025 yil 20 fevral kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar qildi. 

Ta’kidlanishicha, senatorlar fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash, tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kredit axboroti almashinuvini yanada takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligi, yer uchastkalaridan foydalanish, qurilish tartibi, donorlik harakatiga doir hamda oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.

Jumladan, “Tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun tadbirkorlik subyektlari tomonidan moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, biznesni moliyalashtirishning samarali vositalarini joriy etish, pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) bo‘yicha zamonaviy qonunchilik bazasini yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, kredit axboroti almashinuvini tartibga soluvchi qonun aholini kreditlash sohasidagi firibgarlik jinoyatlaridan himoya qilish hamda o‘zlarining xabarisiz ularning nomlariga kredit rasmiylashtirish hamda masofadan turib onlayn kredit mablag‘larini yechib olish holatlarini bartaraf etish imkonini beradi.

Yer uchastkalaridan foydalanishga oid qonun madaniy hordiq maskanlari va boshqa yashil zonalarni muhofaza qilishning mustahkam huquqiy asosini yaratish, ularning hududlarini saqlab qolish, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish, yer uchastkalaridan foydalanish jarayonida yer va shaharsozlik qonunchiligi o‘rtasidagi munosabatlarni ta’minlash, shuningdek, ulardan foydalanish maqsadi ustidan nazorat qilish samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, yalpi majlis kun tartibidan sud, mahkumlarning jazo o‘tashdagi huquqlari, chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasi bilan bog‘liq qonunlar ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, to‘rtinchi yalpi majlisda bir qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish va ularga qo‘shilish masalalari aks etgan qonunlar ham ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilinadi.

    Boshqa yangiliklar